Shahzoda Garri Afg‘onistonda qancha “Tolibon” askarlarini o‘ldirganini aytdi

Olam

image

Britaniya shahzodasi Garri o‘z xotiralari bitilgan memuar asarda Afg‘onistondagi janglarda 25 kishini o‘ldirgani haqida yozgan va ularni “shaxmat donalari”ga qiyoslagan. Bu haqda kecha, 5 yanvar kuni “The Telegraph” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, Shahzoda Garri Afg‘onistondagi harbiy missiyalarda ishtirok etgan va jangovar harakatlar vaqtida inson o‘limiga sabab bo‘lgan.

Garri Afg‘onistonda o‘tgan davri haqida yozar ekan, uning “Apache” nomli harbiy vertolyotiga o‘rnatilgan videokamera har bir missiyani to‘liq yozib olganini va o‘zi harbiy bazaga qaytganidan so‘ng har bir jang videosini qayta ko‘rganini tasvirlagan.

U o‘z qurbonlarini “yaxshilarni yo‘q qilishga ulgurmagan yomonlar”, sifatida ko‘rgani haqida yozgan.

“Biror kishini o‘ldirish mumkin emas, agar siz ularni shaxs sifatida ko‘rsangiz, armiya meni o‘zgacha fikrlashga o‘rgata oldi. Men birinchi kundanoq o‘z oldimga, “men to‘g‘ri ish qilayotganimga shubha qilmayman”, degan maqsadni qo‘yganman, men yaqin atrofdagi tinch aholiga emas, faqat va faqat Tolibon askarlariga o‘q uzganman. Men bor vujudim bilan Buyuk Britaniyaga qaytishni xohlaganman, lekin men uyga toza vijdon bilan ketishni ko‘proq xohlardim”, deydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, odatda askarlar urush vaqtida qancha dushmanni o‘ldirganliklarini bilishmaydi, lekin “Apache” vertolyotiga o‘rnatilgan kamera orqali u qancha dushman jangchilarini o‘ldirgani haqida aniq ayta oladi.

“Mening ko‘rsatkichim 25. Bu raqam bilan men faxrlanmayman, lekin bundan uyalmayman ham”, degan u.

Garri televizor orqali 2001 yilning 11 sentyabr kuni Nyu-York shahridagi teraktlarni ko‘rganini unutmasligini ta’kidladi. Shahzoda keyinroq AQSHga borgan vaqtida 11 sentyabr voqealarida qurbon bo‘lgan insonlarning oila a’zolari bilan uchrashganini ham qo‘shimcha qilgan.

Shahzoda o‘z bitiklarida, hujumlar uchun mas’ul bo‘lganlar va ularga xayrixohlarni “insoniyat dushmanlari”, deb ta’riflagan va ularga qarshi kurash insoniyat tarixidagi eng dahshatli jinoyatlardan biri uchun “o‘ch olish harakati”, ekanini aytgan.
Garri o‘z vijdoni toza ekanini har qancha ta’kidlamasin, uni o‘ylantiradigan holat haqida ham aytgan. Bu shahzoda amalga oshirolmagan ish bo‘lib, u Tolibonlarning o‘qlari ostida qolgan birodarlariga yordam berolmagan.

Shuningdek, u harbiy byurokratiyadan ham shikoyat qilib, 30 ga yaqin tolibonlar yuk mashinasini portlatib yuborgan vaqtida dushmanga qarata o‘t ochishga ruxsat berilmaganiga, guvoh bo‘lgani haqida yozgan.

Britaniya OAVga ko‘ra, Bu 38 yoshli Garrining harbiy xizmat vaqtida shaxsan o‘zi o‘ldirgan tolibonlar sonini ilk marta muhokama qilishi bo‘lib, bu uning shaxsiy xavfsizligiga oid xavotirlarni kuchaytirishi mumkin. Sababi Garri uzoq vaqtdan beri nafaqat qirollik oilasidagi maqomi tufayli, balki Afg‘onistonga ikki marta safarbar etilgani uchun ham  islomiy terrorchi tashkilotlar nishoni hisoblangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq shahzoda Garri muallifligidagi esdaliklar bitilgan 416 sahifali kitob taqdimoti joriy yilning 10 yanvar kuniga rejalashtirilgani haqida xabar bergan edik. 

Ma’lumot o‘rnida, Shahzoda Garri 1984 yilning 15 sentyabr kuni Buyuk Britaniyaning London shahrida tug‘ilgan. U Britaniyaning sobiq qirolichasi Yelizavetta II ning nabirasi, amaldagi Qirol Charlz III ning kichik o‘g‘li.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Buyuk Britaniya Shahzoda Garri

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing