Shaharsozlik qonunchiligining inson o‘limiga sabab bo‘lgan buzilishi uchun jinoiy javobgarlik belgilandi

Jamiyat

image

Odam o‘lishiga sabab bo‘lgan tarzda shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi. Bu 25 mart kuni qabul qilingan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi qonunida belgilandi.

Bildirilishicha, qonun bilan Jinoyat kodeksiga binolar va inshootlardan foydalanishga doir ruxsatnoma berish hamda ularni foydalanishga qabul qilib olish qoidalarini buzganlik, shaharsozlik sohasidagi vakolatli davlat organlarining ruxsatisiz ob’ektlarni qurganlik, qonunchilikni buzgan holda ko‘p kvartirali uylardagi tayanch konstruksiyalarni o‘zgartirganlik va (yoki) rekonstruksiya qilganlik, shuningdek binolar va inshootlarni aholi punktlarining tasdiqlangan bosh rejalari, ularni rejalashtirish va qurish loyihalarini buzgan holda loyihalashtirganlik, rekonstruksiya qilganlik va qurganlik uchun javobgarlik yuzaga kelishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Bunda jinoiy javobgarlik aybdor shaxslar ushbu huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlikka tortib bo‘linganidan keyin yuzaga keladi. Odam o‘lishiga yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lgan tarzda shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun alohida jinoiy javobgarlik kiritilmoqda.

Shuningdek, qonunchilikni buzgan holda ko‘p kvartirali uylardagi tayanch konstruksiyalarni o‘zgartirish va (yoki) rekonstruksiya qilish bilan bog‘liq jinoyatni birinchi marta sodir etgan hamda amalga oshirilgan o‘zgartirish yoki buzilishlarni, shuningdek ularning oqibatlarini ixtiyoriy ravishda bartaraf etgan shaxs javobgarlikdan ozod etilishi mumkinligi nazarda tutilmoqda.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks loyiha tashkilotlarining mualliflik nazoratini amalga oshirish doirasida beriladigan ko‘rsatmalarini buyurtmachilar tomonidan bajarmaganlik, shuningdek ob’ektlarni ekspert tashkilotlarning shaharsozlik hujjatlariga doir ijobiy xulosasisiz qurganlik uchun javobgarlikni belgilovchi normalar bilan to‘ldirilmoqda. 

Shuningdek, shaharsozlik sohasidagi qoidabuzarliklar uchun solinadigan jarimalar miqdorlarini ko‘paytirish nazarda tutilmoqda.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.


Maqola muallifi

Teglar

shaharsozlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing