Shaharlarning bosh rejasi yo‘q, ish unmayapti – Prezident yig‘ilishidan
Jamiyat
−
17:09 1784 2 daqiqa
Bugungi kunda O‘zbekistonda shaharlar bosh rejalarini ishlab chiqish uchun byudjetdan yiliga 200-250 milliard so‘m berilmoqda. Biroq, kichik shahar va shaharchalarda shaharsozlik hujjati yo‘qligi uchun katta loyiha qilaman degan tadbirkorlar ishi to‘xtab turibdi. Bu haqda bugun, 14 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev uy-joy qurilishi va urbanizatsiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida gapirgan.
Davlat rahbari o‘z nutqida mamlakat aholisisi 38 milliondan oshgani, urbanizatsiya darajasi 51 foizga yetib, qariyb 20 million odam shaharlarda yashayotganini urg‘ulagan.
“Bir narsani yaxshi tushunish zarur: agar urbanizatsiya darajasi 1 foizga oshsa, iqtisodiyot ham kamida 1 foizga ko‘payadi, investitsiya oqimi, biznes va startaplar, mehnat unumdorligi karrasiga o‘sadi. Buning uchun respublikada urbanizatsiyani barqaror rivojlantirish bo‘yicha yagona yondashuv bo‘lishi kerak”, deydi Prezident.
Yig‘ilishda bosh rejalarni ishlab chiqish uchun byudjetdan ajratilayotgan yillik 200-250 milliard so‘m mablag‘ni bosh rejasi bo‘lmagan yoki eskirgan hududlarga sarflanishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Kichik shahar va shaharchalarda ham katta loyiha qilaman degan tadbirkorlar borligi, shaharsozlik hujjati yo‘qligi uchun ularning ishi to‘xtab turgani qayd etildi. O‘zi mablag‘ tikib, tezroq bosh reja ishlab chiqilishidan manfaatdor tadbirkorlar ham ko‘pligi haqida so‘z bordi.
Viloyat hokimlari, Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasiga joriy yilda byudjet mablag‘i hisobidan 6 ta shahar, 44 ta shaharcha bo‘yicha bosh reja, yana 104 ta qishloq bo‘yicha master rejani oxiriga yetkazish, bunga qo‘shimcha tashabbuskor biznes vakillari bilan yana 50 ta aholi punkti bo‘yicha shaharsozlik hujjatini ishlab chiqishni boshlash topshirildi.
Live
Barchasi