Shahar bedarvozami? Toshkentning bir nechta tumanida ogohlantirishsiz “svet” o‘chirildi

Jamiyat

image

Kecha, 21 yanvar kuni tunda Toshkentning Yakkasaroy, Uchtepa, Chilonzor va Olmazor tumani aholisi hech bir ogohlantirishsiz elektr energiyasi ta’minotidan uzilib qoldi. Bu holat 3 soatdan ortiq davom etgan.

Ikki tumanda yashovchi aholi vakillari QALAMPIR.UZ`ga qilgan murojaatida elektr ta’minoti tungi soat 3:30 larda o‘chirilganini bildirdi. Murojaatchilar fikricha, tizimda avariya yuz bergan.

Vaziyatga oydinlik kiritish uchun “Toshkent hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ vakili bilan bog‘landik. Kompaniya vakili hududda katta transformator almashtirilayotganini va tez orada elektr ta’minoti tiklanishini bildirdi. Ammo transformator avariya sabab yangilanyaptimi yoki boshqa sabab bilanmi aytmadi.

Ayni vaqtda Olmazor va Uchtepada elektr energiyasi ta’minoti tiklangan. Chilonzor tumanida ham bir nechta mahalladagina ishlarni yakunlash qolgan. Yakkasaroy tumanida Kichik halqa yo‘lida joylashgan ko‘plab xizmat ko‘rsatish va savdo ob’ektlari hamda turar joylar esa ertalab soat taxminan 8:00 dan 11:00 gacha elektr energiyasisiz qolgan.

Ayni holatda odamlar noroziligiga sabab bo‘layotgan boshqa bir jihat bor: Nega qishning kunida elektr ta’minotida uzilish bo‘lishi haqida oldindan ogohlantirilmadi? Ko‘p qavatli uylarda-ku markazlashgan isitish tizimi bo‘ladi, ammo hovlilarda ahvol boshqacharoq. Odamlar uyini isitishi uchun ayrim hollarda elektr bilan ishlovchi nasos ham ulashiga to‘g‘ri keladi. Nasos ishlamasa, uylar isimaydi. Negaki issiq suv aylanishi to‘xtaydi.

Eng yomoni suv aylanishi to‘xtashi bilan boshqa jiddiyyoroq muammolar ham kelib chiqishi mumkin. Masalan, aylanmay qolgan suvning haddan tashqari qizib ketishi oqibatida yorilish ehtimoli.

Tekshirganimizda na hokimlik, na “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va na “Toshkent shahar elektr tarmoqlari” AJ rasmiy sahifalarida ikki tumanda elektr ta’minotida uzilish bo‘lishi haqida ogohlantirishni ko‘rmadik.


Maqola muallifi

Teglar

elektr energiyasi

Baholaganlar

90

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing