Shahar hokimining topshirig‘i – Andijonda deputatlar nega tintuv qilingani ochiqlandi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Avvalroq Xalq deputatlari Andijon shahar kengashining navbatdagi sessiyasida bir guruh deputatlar tintuv qilingani haqida xabar berilgandi. Milliy gvardiya Axborot xizmati holat yuzasidan izoh berdi

Ma’lum qilinishicha, kecha, 17 may kuni Andijon viloyati Xalq deputatlari shahar kengashining VI chaqiriq XX sessiyasi Andijon shahrida joylashgan 2-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabi binosida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Shu kuni mazkur binoga Andijon shahar IIB boshlig‘ining so‘rovnomasiga asosan, shahar Qo‘riqlash bo‘limi xodimlari jamoat tartibini saqlash uchun o‘rnatilgan tartibda xizmatga jalb qilingan.

Qayd etilishicha, mazkur sessiya kun tartibiga Andijon shahar prokurori tomonidan kiritilgan taqdimnoma asosida “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining maqomi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunida belgilangan tartibda shahar Kengashi deputati Sh.Karimovni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish masalasi qo‘yilgan.

“Shu sababli, Andijon shahar hokimining topshirig‘iga asosan, sessiya ishi boshlangunga qadar Andijon shahar IIB, shahar prokuraturasi va hokimligidan ajratilgan mas’ul xodimlar kuzatuvi ostida qo‘riqlash xodimi tomonidan tashrif buyurgan sessiya qatnashuvchilari metallodetektor yordamida ko‘rikdan o‘tkazilgan va uyali aloqa hamda ovozli videoga oluvchi vositalarini qoldirib kirishlari talab etilgan”, deyiladi xabarda.

Bayonotga ko‘ra, tarqatilgan xabarda aks ettirilgan qo‘riqlash xodimi bilan bog‘liq videotasvir yuqorida qayd etilgan mas’ul xodimlarning birgalikdagi nazorati jarayonidan tasvirga olingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq bu voqeaga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev munosabat bildirgandi.

“Katta ehtimol bilan deputatlarning daxlsizlik huquqiga ham tupurib, tintuv o‘tkazishga topshiriq berganlar yer sotish ishlariga daxldor va deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilib qamashga ishtiyoqmand “o‘sha” shaxslar bo‘lishi kerak”, deb yozgandi u.

Rasul Kusherboyev, shuningdek, “noqonuniy tintuv o‘tkazilishiga kelganda taqdimnoma kiritgan qonun himoyachisi – prokurorning ko‘zi qayerda qoldi, degan savol ochiq qolayotganini” qayd etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

638

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing