SHHTning bloklarga qo‘shilmaslik prinsipiga amal qilish zarur – Mirziyoyev
Jamiyat
−
16 Sentabr 2022
4600Shanxay hamkorlik tashkilotining bloklarga qo‘shilmaslik prinsiplariga amal qilish zarur. Bu haqda bugun, 16 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqandda SHHTga a’zo davlatlar rahbarlarining tor doiradagi majlisidagi nutqida aytib o‘tdi.
Tadbirda Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, shuningdek, Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Chjan Min va SHHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktori Ruslan Mirzayev ishtirok etdi.
Majlis kun tartibiga muvofiq, davlat rahbarlari SHHT doirasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildilar, mintaqada yuzaga kelayotgan siyosiy va iqtisodiy vaziyatni hisobga olgan holda mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
Prezident SHHT tarixan qisqa davrda mintaqaviy va global jarayonlarning ta’sirchan ishtirokchisiga aylanganini ta’kidladi. Xavfsizlik va iqtisodiy o‘sishning muhim omili sifatida, tashkilotning barqarorlashtiruvchi roli kuchayib bormoqda.
Shavkat Mirziyoyev SHHTning bloklarga qo‘shilmaslik maqomini, ochiqlik va keng hamkorlikka qaratilgan ruhini saqlash, murosa, teng huquqlilik va o‘zaro hurmat prinsiplariga amal qilish zarurligini alohida ta’kidladi.
Shularni hisobga olib hamda SHHT doirasidagi ko‘p qirrali sheriklikning samarali tajribasiga tayanib, O‘zbekiston Prezidenti yaqin yillarda hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridagi ustuvor vazifalarni hal etishga doir aniq taklif va amaliy tashabbuslarni ilgari surdi.
Xususan, SHHT faoliyatini bugungi voqelikka moslashtirish, iqtisodiyot, savdo va investitsiya sohalarida hamkorlik qilish, transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, ekologiya masalalari, madaniy-gumanitar aloqalarga to‘xtalib o‘tildi. Xavfsizlik muammolari va Afg‘onistondagi vaziyatni tartibga solishga alohida e’tibor qaratildi.
So‘zining yakunida Prezident SHHT kelajagi va mamlakatlar rivoji ko‘p jihatdan bahamjihat va samarali ishlashga bog‘liq ekanini ta’kidladi.
“Biz birgalikda mintaqaviy va global xavfsizlikni ta’minlash maqsadida, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz taraqqiyoti va farovonligi yo‘lida tashkilotni yangi marralarga olib chiqishga qodirmiz”, deya ishonch bildirdi Shavkat Mirziyoyev.
A’zo davlatlar yetakchilari o‘z chiqishlarida SHHT doirasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalariga, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik muammolariga to‘xtalib o‘tdilar. Samarqand sammiti alohida, tarixiy ahamiyatga ega ekani qayd etildi.
SHHT Davlat rahbarlari kengashi majlisi kuzatuvchi mamlakatlar, faxriy mehmonlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom etdi. Sammit bunday keng formatda – 14 ta mamlakat yetakchilari ishtirokida birinchi marta o‘tmoqda
.