SHHTda xavfsizlik tahdidlariga javob berish markazi yaratiladi – Putin
Olam
−
04 iyul
6214Bugun, 4 iyul kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida a’zo davlatlar xavfsizligini ta’minlash ustuvor vazifa bo‘lib qolishini aytib, SHHTning aksilterror tuzilmasi negizida xavfsizlik tahdidlariga javob beradigan universal markaz tashkil etilishini ma’lum qilgan. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
“SHHTning mintaqaviy aksilterror tuzilmasini xavfsizlikka tahdidlarning barcha turiga javob beradigan universal markazga aylantirish bo‘yicha bugun qabul qilingan qarorlar ham aynan xavfsizlikni saqlashga qaratilgan”, deydi Putin.
Qayd etilishicha, Tojikistonning Dushanbe shahrida narkotiklarga qarshi kurash markazi ham tashkil etiladi. Rossiya Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, sammitda tasdiqlangan hamkorlik dasturi SHHT makonida separatizm va ekstremizmga qarshi kurashga hissa qo‘shadi.
Ma’lumot uchun, Vladimir Putin joriy yilning iyun oyi o‘rtalarida mamlakat Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati bilan uchrashuvda Yevrosiyo qit’asidagi barcha davlatlar, jumladan, NATOga a’zo mamlakatlar uchun ochiq yangi xavfsizlik tuzilmasi zarurligini aytgandi. Kremlning qo‘shimcha qilishicha, SHHT sammitida Yevrosiyo uchun ham xavfsizlikning yangi tizimini yaratish masalasi tilga olinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Putin SHHT sammitida qatnashish uchun Qozog‘istonga kelgandi. So‘ngra Rossiya Prezidenti Ostona shahrida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashdi. Shuningdek, SHHT Bosh kotibi o‘zgargani haqida xabar berilgandi.
LiveBarchasi