SHHT majlisi boshlandi. Putin Qorabog‘, Afg‘oniston, Qirg‘iziston, Yaqin Sharq va Belarusdagi vaziyat haqida gapirdi

Olam

image

Ayni daqiqalarda Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining videoanjuman shaklida majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Majlisda Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Afg‘oniston Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘ani, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qirg‘iziston Respublikasi Bosh vaziri – Prezident vazifasini vaqtincha bajaruvchi Sadir Japarov, Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi, Pokiston Bosh vaziri Imron Xon va Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javad Zarif ishtirok etmoqda. 

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish yig‘ilish ishtirokchilariga videomurojaat yo‘lladi. 

Rossiya raisligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda birinchi bo‘lib Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin nutq so‘zladi. 

“Mamlakatlarimiz koronavirus epidemiyasiga duch kelgan va unga qarshi kurash zarur bo‘lgan bir vaqtda Rossiya Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislik qildi. Shu sababli, hamkorlikdagi faoliyatimiz kun tartibiga muayyan o‘zgarishlar kiritildi, a’zo davlatlarning sog‘liqni saqlash sohasidagi o‘zaro aloqalariga, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishga e’tibor kuchaytirildi”, deydi Putin. 

U SHHT davlatlari infeksiyaga qarshi kurashda bir-birlariga katta yordam ko‘rsatib kelayotganini urg‘uladi. Rossiya sheriklariga koronavirusni aniqlash uchun yarim millionga yaqin laboratoriya diagnostikasi to‘plamini, shuningdek, kontaktsiz haroratni o‘lchash moslamalarini sovg‘a qilgani aytildi. Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonga 9 ta rossiyalik tibbiyot mutaxassislari guruhlari yuborilgani qayd etildi.  

Putinga ko‘ra, Rossiya raisligi davrida SHHTga a’zo davlatlarning harbiy va maxsus bo‘linmalari, shu jumladan kuzatuvchi mamlakatlar vakillari ishtirokida qo‘shma mashqlar amaliyoti ham davom ettirilgan.  

Xususan, Qozog‘iston hududida terrorizmga qarshi mashqlar, Xitoyda internetdan ekstremistik maqsadlarda foydalanishga urinishlarga qarshi kurash mashqlari, Rossiyada “Birdamlik” chegara operatsiyasining birinchi bosqichi o‘tkazilgan.  Bundan tashqari, Rossiya va Qozog‘istonda ikkita "O‘rgimchak to‘ri" giyohvandlikka qarshi xalqaro operatsiyalari tashkil qilingan.

Shuningdek, Rossiya rahbari Ikkinchi Jahon urushida erishilgan g‘alabaning 75 yilligi munosabati bilan fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga hissa qo‘shgan mamlakatlarda o‘tkazilgan tadbirlarni alohida e’tirof etdi. 

“SHHTga a’zo barcha davlatlar ushbu yubileyga bag‘ishlangan xotira tadbirlarini o‘tkazishga alohida e’tibor berishdi. Moskvadagi Qizil maydonda G‘alaba kuni paradida rus harbiylari bilan tantanali yurishlari ramziy ma’noga ega edi”, deydi Putin. 

Rossiya Prezidenti global va mintaqaviy xavfsizlik sohasidagi vaziyat qiyinligicha qolayotgani haqida ham so‘z ochdi. Uning ta’kidlashicha, Xalqaro terrorizm va giyohvand moddalar savdosi dunyoga jiddiy tahdid solishda davom etmoqda. Kiberjinoyatchilik sezilarli darajada oshgan. Strategik barqarorlik tizimi yomonlashishda davom etmoqda. 

“Afsuski, zo‘ravon mintaqaviy mojarolar to‘xtamayapti, bundan tashqari, yangi keskinlik o‘choqlari, jumladan SHHT tashqi chegaralarida va qo‘shni mintaqalarda paydo bo‘lmoqda. Shuning uchun SHHT faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri inqirozlarni tinch, siyosiy va diplomatik yo‘l bilan hal qilishga ko‘maklashish, kechkinlashuv o‘choqlarida kelib chiqadigan tahdidlarni to‘xtatishdir. 

Afg‘onistondagi vaziyat alohida xavotir uyg‘otmoqda. SHHT orqali afg‘on do‘stlarimizga milliy kelishuvni izlashda va uzoq muddatli tinchlikni o‘rnatishda yordam berish uchun ko‘p ishlar qilinmoqda. 

SHHT-Afg‘oniston aloqa guruhi tuzildi, uning doirasida Afg‘oniston yo‘nalishidagi tashkilotimizning keyingi harakatlari uchun "yo‘l xaritasi" ishlab chiqildi va qabul qilindi.  Bularning barchasi Afg‘onistonning barqaror va xavfsiz, terrorizm va giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlardan xoli davlatga aylanishiga va qo‘shnilari bilan tinch-totuv yashashiga yordam berishga qaratilgan”, deydi Putin. 

Putinga ko‘ra, so‘nggi yillarda ShCHHT ko‘magi bilan Rossiya bir qator uchrashuvlar tashkil etgan, unda barcha afg‘on siyosiy kuchlarining vakillari istisnosiz qatnashgan. 

Shuningdek, Vladimir Putin Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada xavfli beqarorlik saqlanib qolayotganiga ham e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, Liviya va Yamandagi qurolli qarama-qarshilik, Suriyada qolgan buzg‘unchi tuzilmalar anklavlari terroristik tahdid, giyohvand moddalar va qurollarning tarqalish manbalari hisoblanadi. 

“Albatta, jangarilarning yuqorida aytib o‘tilgan mintaqadan tashqarida harakatlanishi alohida e’tiborga loyiqdir. Bu nizolarni yanada kuchaytiradi”, deydi Rossiya rahbari. 

Shuningdek, Prezident Putin joriy yilning sentyabr oyida Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida boshlangan qurolli to‘qnashuvlarni ham tilga oldi. 

“Darvoqe, Qorabog‘da sodir bo‘layotgan voqealar haqiqatan ham katta fojia. Qon to‘kilishini to‘xtatish bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni katta mamnuniyat bilan qayd etmoqchiman. Yaqinda tashlagan barcha qadamlarimiz Ozarbayjon va Armaniston xalqlari farovonligi uchun uzoq muddatli tinchlik o‘rnatilishiga olib keladi, deb umid qilaman”, deydi Putin. 

U SHHTga a’zo mamlakatlarning yana bir muammosini o‘rtaga tashlarkan, “umumiy xavfsizligimizga qaratilgan yana bir ochiq-oydin muammo bu SHHTga a’zo davlatlarning ichki ishlariga tashqi tomondan bevosita aralashishga urinishlarning ko‘payishidir”, deydi. 

“Gap suverenitetning qo‘pol ravishda buzilishi, jamiyatda bo‘linish, davlat taraqqiyoti vektorini o‘zgartirish, asrlar davomida shakllanib kelgan va allaqachon o‘rnatilgan siyosiy, iqtisodiy va gumanitar aloqalarni buzish istagi haqida bormoqda.

Shanxay hamkorlik tashkilotida kuzatuvchi bo‘lgan Belarus ham tashqi kuchlarning bunday zarbasiga duchor bo‘ldi. Mamlakatdagi prezidentlik saylovlaridan so‘ng belarus do‘stlarimiz misli ko‘rilmagan bosimni boshdan kechirmoqdalar, sanksiyalar va provokatsiyalar, axborot va tashviqot urushiga qarshi turishdi.

Biz tashqaridan kimdir Belarus xalqi uchun ma’lum qarorlar qabul qilishini nomaqbul, deb hisoblaymiz. Belarusliklarga o‘zlarini tartibga solishga va kerakli choralarni ko‘rishga imkon berish kerak. Xuddi shu narsa Qirg‘izistondagi so‘nggi voqealar va Moldovadagi ichki siyosiy kurashga ham tegishli”, deydi Putin.

Yig‘ilish davom etmoqda. 


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin ShHT majlisi

Baholaganlar

115

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing