SHHT Isroilning Dohaga zarbasini qoraladi

Olam

image

Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) Isroilning Qatar hududiga bergan zarbasini BMT nizomining qo‘pol buzilishi deb hisoblaydi. Bu haqda bugun, 13 sentyabr kuni tashkilot tegishli bayonotni e’lon qildi.

“Shanxay hamkorlik tashkiloti 2025 yil 9 sentyabr kuni Isroilning Qatar poytaxti Doha shahrining turarjoy hududlariga uyushtirgan havo hujumlari munosabati bilan chuqur xavotirini bildiradi hamda Qatar davlati suverenitetining buzilishini qoralaydi. Bu harakatlar qabul qilib bo‘lmaydigan bo‘lib, BMT Nizomini, shuningdek, xalqaro huquqning asosiy normalari va tamoyillarini qo‘pol ravishda buzadi”, deyiladi bayonotda.

Shuningdek, Shanxay hamkorlik tashkiloti “xalqaro munosabatlarda kuch ishlatish va kuch ishlatish tahdidiga doimiy ravishda qarshi chiqishini, Yaqin Sharqda vaziyatni siyosiy-diplomatik yo‘llar bilan yumshatishni qo‘llab-quvvatlashini” alohida qayd etgan.

“SHHTga a’zo davlatlar BMT Nizomi va SHHT Xartiyasi maqsadlari va tamoyillariga qat’iy amal qilgan holda, har qanday noqonuniy harakatlarni qabul qilib bo‘lmas deb biladi va xalqaro tinchlik hamda xavfsizlikni mustahkamlashga o‘zining o‘zgarmas sadoqatini yana bir bor tasdiqlaydi”, deyiladi bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 9 sentyabr kuni Isroil Dohada HAMAS rahbariyati vakillari joylashgan binolarga zarba bergandi. Hujumdan so‘ng harakatning barcha yuqori martabali rahbarlari omon qolgan, biroq olti kishi, jumladan, HAMASning bosh muzokarachisi Halil al-Xayyaning o‘g‘li halok bo‘lgan.

Qatar Tashqi ishlar vazirligi bu hujumni keskin qoraladi. Ma’lum qilinishicha, Isroilning Dohaga bergan zarbasi munosabati bilan ertaga, 14 sentyabr kuni Qatarda arab va islom mamlakatlari ishtirokida favqulodda sammit bo‘lib o‘tadi.

Qayd etish joiz, ushbu hujumdan so‘ng dastlab O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroilning harakatlarini qoralab, bayonot bilan chiqdi. Kecha, 12 sentyabr kuni esa O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan telefon orqali muloqot qilib, Dohaga hujumni keskin qoraladi.


Maqola muallifi

Teglar

Qatar Isroil Shanxay hamkorlik tashkiloti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing