Seutaga bostirib kirishga urinishda halok bo‘lganlar soni oshdi

Olam

image

Marokashdan Ispaniyaning Shimoliy Afrikadagi Seuta anklaviga ommaviy ravishda o‘tishga urinish oqibatida halok bo‘lganlar soni kamida 72 nafarga yetdi. Bu haqda Ispaniya rasmiylari ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Shimoliy Afrika sohillaridan yana 5 kishining jasadi topilgan. Ispaniya tomoni keltirgan qurbonlar soni Marokash rasmiylari e’lon qilgan raqamdan ancha yuqori.

Avvaloq, o‘tgan hafta 30 iyul kuni boshlangan misli ko‘rilmagan migrantlar oqimi davomida 50 mingdan ortiq kishi quruqlik va dengiz orqali Yevropa Ittifoqining Afrika bilan yagona ikki quruqlik chegarasidan biri hisoblangan Seutaga kirgani xabar qilingandi. Ispaniya hukumati ma’lumotiga ko‘ra, ularning 48 mingdan ortig‘i 48 soat ichida Marokashga qaytarilgan, dam olish kunlari esa yana boshqa migrantlar ortga qaytgan.

Seutadagi Ispaniya hukumati vakili Migel Anxel Peresning aytishicha, halok bo‘lganlardan tashqari yana mingdan ziyod kishi tibbiy yordam olgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, anklavdagi vaziyat ancha barqarorlashgan bo‘lsa-da, hali ham odatiy hayotni to‘liq tiklash uchun ishlar davom etmoqda.

Rasmiylarning bildirishicha, ayrim migrantlar cho‘kib ketgan, boshqalari esa qirg‘oq to‘siqlari va chegara devoridan oshib o‘tishga uringan vaqtda ezilib halok bo‘lgan. Ko‘pchilik iqtisodiy qiyinchiliklar va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan yolg‘on ma’lumotlar ta’sirida yo‘lga chiqqan.

Marokash Ichki ishlar vazirligi esa hozirgacha 11 nafar inson halok bo‘lganini, ularning aksariyati Ispaniya hududiga o‘tishga uringanida cho‘kib ketganini ma’lum qilgan. Vazirlik qolgan qurbonlar haqidagi xabarlarni tekshirayotganini bildirgan.

Marokash rasmiylari ommaviy o‘tishlarga ijtimoiy tarmoqlardagi dezinformatsiya, odam savdosi tarmoqlari hamda Ispaniya sudining dengizda ushlangan migrantlarni darhol qaytarishni taqiqlovchi qarori noto‘g‘ri talqin qilingani sabab bo‘lganini ta’kidlagan.

Hodisadan so‘ng Seutada politsiya va harbiy patrullar kuchaytirilgan. Dengiz sohilida 500 metrlik suzuvchi to‘siq o‘rnatilgan. Shuningdek, Yevropa Ittifoqining 22 davlati tashqi chegaralarni muhofaza qilish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan choralar ko‘rishga chaqirgan. Italiya esa Ispaniya bilan Shengen hududidagi pasportsiz harakatlanish tartibini bir oyga to‘xtatgan.

Ma’lumot uchun, Seuta va Melilya – Afrikaning shimoliy qirg‘og‘ida joylashgan va Yevropadan Gibraltar bo‘g‘ozi orqali ajralib turgan Ispaniyaning ikki avtonom shahridir. Bu ikki shaharda Yevropa Ittifoqining Afrika bilan yagona quruqlikdagi chegarasi o‘tadi.

Seuta migrantlar oqimi sababli bunday inqirozga birinchi marta duch kelayotgani yo‘q. 2021 yilda, hokimiyat baholashiga ko‘ra, shaharga noqonuniy ravishda 10 mingdan ortiq kishi kirib borgan. Biroq bu hozirgidan bir necha baravar kam.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing