Sergelidagi portlash aybdorlari jazolandi
3-sahifa
−
11 Oktabr
47242023 yilning 28 sentyabr kuni Toshkent shahrining Sergeli tumanida joylashgan omborxonada dahshatli portlash yuz bergan edi.
Portlash oqibatida 15 000 kv metr hudud yonib ketgan, aholi uylariga zarar yetgan. 1 kishi halok bo‘lgan, 163 kishi turli darajada jarohat olgan. Shundan so‘ng voqea yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgandi. Qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida esa 4 kishiga “qamoqqa olish”, yana bir nafariga “garov” ehtiyot chorasi qo‘llanilgandi.
Bugun, 11 oktyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirobod tuman sudida aynan mana shu jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Unda Sergelida yuz bergan kuchli portlash bo‘yicha aybdor deb topilgan fuqarolarga sud hukmi o‘qildi.
Unga ko‘ra, S.F., A.F., B.S. va N.K. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi “a” va “b” bandlari bilan aybdor deb topildi. Ularning ikki yil rahbarlik va yong‘in xavfsizligi yuklatilgan vazifalarda ishlashi taqiqlandi va ularga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Tayinlangan jazo manzil-koloniyada o‘talishi belgilandi va jazo muddati 2023 yil 29 sentyabrdan boshlab hisoblanishi aytildi. Sudlanuvchilarga nisbatan qo‘llanilgan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi aslicha qoldirildi.
Shuningdek, portlashda hududdagi 26 ta ko‘p qavatli uydagi 592 ta xonadon hamda 8 ta xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, 1 ta maktab va 2 ta MTT binolarining fasad qismi hamda deraza-romlariga hamda ko‘plab avtomashinalarga zarar yetgan. Xo‘sh, mazkur zarar kim tomonidan qoplanadi?
Fuqaroviy da’vogarlar va jinoyat ishida jabrlanuvchilar deb e’tirof etilgan “S.S.” MCHJ, “A-O” MCHJ, “A.S.” MCHJlarning sudga kiritgan da’vo arizalari qanoatlantirildi.
Sud hujjatida jabrlanuvchi va fuqaroviy da’vogarlarga sudlanuvchi S.F., A.F., B.S., N.K.,A.A., va fuqaroviy javobgarlar “Interlogistics” MCHJ QK, “Polychem” MCHJ solidar tartibda undirilishi belgilandi.
Aniqlik kiritilishicha, portlashdan ko‘rilgan umumiy zarar miqdori 282 mlrd so‘mni tashkil qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi Toshkent shahar boshqarmasi, Toshkent shahar Ichki Ishlar Bosh boshqarmasi, Toshkent shahar yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi zimmasiga jinoyat ishidan hatlangan avtotransport vositalarni jarima avtomashinalarni saqlash maydonlariga kiritish yuklatildi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi Toshkent shahar boshqarmasi zimmasiga jinoyat ishi davomida hatlangan ko‘chmas mulk, avtotransport vositalarining baholash ishlari yuklatildi.
Hukm ijrosi Davlat kadastrlari palatasi Toshkent shahar boshqarmasi, MIB Toshkent shahar boshqarmasi, Toshkent shahar davlat xizmatlari markazi,Toshkent shahar IIB, YXXB zimmasiga yuklatildi.
Hukm ustidan apellyatsiya shikoyati va protestlari hukm e’lon qilingan kundan e’tiboran o‘n sutka ichida, sudlanuvchi va jabrlanuvchi tomonidan esa ularga hukmning ko‘chirma nusxasi topshirilgan kundan e’tiboran shu muddat ichida hukm chiqargan sud orqali Toshkent shahar sudiga, hukm qonuniy kuchga kirgandan so‘ng esa, kassatsiya tartibida berilishi mumkinligi bildirildi.
Maryam Choriyeva