Toshkentda yana yong‘in
Jamiyat
−
24 avgust
3400Sergelida yana yong‘in. Kunduzgi soat 9-10 atrofida ijtimoiy tarmoqlarda atrofni qora tutun qoplagani aks etgan videolar tarqala boshladi. Ularga ko‘ra, Sergelidagi omborlarda yana yong‘in sodir bo‘lgan. QALAMPIR.UZ holatni o‘rganish uchun voqea joyiga yetib keldi.
Yong‘in Yangihayot tumani, “Yangi Darxon” MFY, Yangi Darxon ko‘chasida joylashgan ishlab chiqarish sexlaridan birining omborxonasida sodir bo‘lgan.
Hududda yashovchi fuqaroning so‘zlariga ko‘ra, ertalab atrofdagi xonadonlarni qora tutun qoplay boshlagan. Yaqinroqdagi ko‘chalarda yashovchi odamlar esa portlash ovozini eshitganini ham ma’lum qildi.
Shu hududda savdo qiluvchi ayolning so‘zlariga ko‘ra, bir kun avval omborda elektr simida qisqa tutashuvlar kuzatilgan. FVB axborot xizmati boshlig‘i esa holatga tutashuv sabab bo‘lgan yoki yo‘qligi tekshiruvlardan so‘ng aniq bo‘lishini ma’lum qildi.
Maydoni taxminan 5000 kvadrat metr bo‘lgan omborda yuz bergan yong‘in 2 soat deganda o‘chirildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, voqeaga omborda saqlanayotgan tez alangalanuvchi suyuqlik sabab bo‘lgan.
O‘tgan yili 28 sentyabr kuni ham Toshkent shahri Sergeli tumanidagi “Quruvchilar” dahasida joylashgan “Inter Logistics” MCHJga qarashli omborxona portlashi oqibatida hududda yong‘in chiqqandi. Portlashda 17 yashar bola qurbon bo‘lgan. Ushbu yong‘inda esa dastlabki ma’lumotlarga tayanib, halok bo‘lgan yoki jarohatlanganlar yo‘qligi aytilmoqda.
Hududda istiqomat qiluvchi aholining so‘zlariga ko‘ra, kecha tungi soat 2 lar atrofida omborda elektr tutashuv yuz bergan. Hozircha holatning aniq sabablari ochiqlanmadi. Voqea tafsilotlarini QALAMPIR.UZ’ning rasmiy sahifalari orqali kuzatib boring!
LiveBarchasi