Serbiya ballistik raketa ishlab chiqarishda O‘zbekiston bilan hamkorlikka tayyor – Vuchich

Jamiyat

image

Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich mamlakat bir yil ichida uzoq masofali ballistik raketalar ishlab chiqarishni boshlashini hamda ushbu masalada O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga tayyorligini ma’lum qildi. Bu haqda u kecha, 8 sentyabr kuni Serbiya – O‘zbekiston biznes-forumida so‘z ochdi.

“Mudofaa sanoatida katta natijalarga erishishimiz mumkin. Biz mudofaa sanoatimizda ilgarilab boryapmiz, o‘rganyapmiz, ba’zi katta davlatlardan texnologiyalar transferini amalga oshiryapmiz. Shuningdek, boshqa insonlarga ham yordam beryapmiz”, deydi Vuchich Belgradda o‘tkazilgan forumning ochilish marosimida o‘zbekistonlik tadbirkorlarga qarata.

U Mudofaa vazirining moddiy resurslar bo‘yicha yordamchisi Nenad Miloradovichdan Serbiya qancha vaqt ichida uzoq masofali ballistik raketalar ishlab chiqarishni boshlashi mumkinligi haqida so‘ragan va Serbiya yaqin masofali raketalarni allaqachon ishlab chiqarayotganini qo‘shimcha qilgan. Bunga javoban Miloradovich bir yil ichida ekanini aytgan.

“Bir yil ichida biz uzoq masofali ballistik raketalar ishlab chiqarishni boshlaymiz va bu masalada ham siz bilan hamkorlik qilishga tayyormiz. Bu Serbiya aholisiga kamdan kam hollarda aytadigan yangiligimiz, ammo bu bizning ham texnologik, ham ahamiyatli – sanoat sohasidagi ilgarilashimizdan dalolat beradi. Mutaxassislarimiz ko‘p narsaga erishdi va ishonamanki, aytib o‘tganimdek, bir yil ichida buni ham amalga oshira olamiz. Ushbu sohada ham birodarlarimiz va o‘zbekistonlik do‘stlarimiz bilan hamkorlik qilishga tayyormiz”, deydi Vuchich.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7-8 sentyabr kunlari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Serbiyada bo‘lgan edi. Muzokaralar yakunlari bo‘yicha davlat rahbarlari Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzoladi. Bundan tashqari, ustuvor yo‘nalishlarda erishilgan kelishuvlarni mustahkamlagan salmoqli hujjatlar to‘plami almashildi. Shuningdek, O‘zbekiston yetakchisiga Serbiyaning oliy davlat mukofoti – Katta zanjirli Serbiya Respublikasi ordenini tantanali ravishda topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Shu bilan birga, Belgrad ko‘chalaridan biriga “Toshkent” nomi berildi. Ishbilarmonlik dasturi doirasida ikki davlat rahbarlari qo‘shma biznes forumida ishtirok etdi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing