Separatizm, millatchilik, radikalizm kabi tahdidlar tobora kuchayib boryapti – Mirziyoyev 

Jamiyat

image

Dunyoning turli mintaqalarida o‘zaro shafqatsiz raqobat, millatlararo va dinlararo ziddiyatlar, separatizm, millatchilik, radikalizm kabi tahdidlar tobora kuchayib borayotgan vaqtda hamjihatlikni mustahkamlash barchaning insoniy vazifasidir. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida deputatlar, faxriy va faollar bilan uchrashuvda aytib o‘tdi. 

“Fursatdan foydalanib, men O‘zbekistonni o‘z ona Vatani deb biladigan barcha vatandoshlarimizga, muhtaram otaxon va onaxonlarimizga, qadrli aka-uka va opa-singillarimizga, aziz farzandlarimizga murojaat qilib aytmoqchiman. 

Hech kimga sir emas, hozirgi vaqtda dunyoning turli mintaqalarida o‘zaro shafqatsiz raqobat, millatlararo va dinlararo ziddiyatlar, separatizm, millatchilik, radikalizm kabi tahdidlar tobora kuchayib bormoqda. 

Ana shunday tahlikali vaziyatda mamlakatimizda yashayotgan  turli millat va dinga mansub insonlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, go‘zal diyorimizda barqaror va bardavom taraqqiyotni ta’minlash, xalqimizning bunyodkorlik salohiyatini, uning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini oshirish barchamizning, avvalo, rahbar va mutasaddilarning nafaqat vazifasi, balki muqaddas insoniy burchidir. 

Biz faqat mana shu yo‘l bilan bugungi kunning barcha tahdid va xavf-xatarlariga munosib javob berishimiz, turli buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi jamiyatimizda, avvalo, yoshlarimiz qalbida mustahkam immunitet yaratishimiz, xalqimizning xohish-irodasi bilan tanlangan demokratik islohotlar yo‘lidan ortga qaytmasdan yanada samarali natijalarga erishishimiz mumkin. 
  
Aziz yurtdoshlar! 

Barchamiz uchun Vatan bitta. Bizni yagona, ulug‘ bir maqsad birlashtiradi. U ham bo‘lsa, yurtimiz tinchligi, Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligidir. 

Biz Yangi O‘zbekiston va Yangi Qoraqalpog‘istonni barchamiz birgalikda albatta barpo etamiz. 

O‘z hayoti davomida tarixning ko‘p-ko‘p mashaqqatli sinovlarini mardona yengib o‘tgan azmu shijoatli, olijanob xalqimiz o‘z oldiga qo‘ygan mana shunday buyuk maqsadlarga albatta erishadi, deb ishonaman", dedi davlat rahbari so‘z yakunida.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilib, kutilmaganda namoyishlar uyushtirdi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi holatni Nukusda davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinish deb baholadi.

Shundan so‘ng, kecha, 2 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga yetib bordi va qoraqalpoq xalqi bilan muloqot qildi. 

Shuningdek, Prezident Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish muhokamasi hali davom etayotganini inobatga olib hamda Qoraqalpog‘iston aholisi bildirayotgan fikr va mulohazalarni o‘rgangan holda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

93

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing