Senator Burxonov Nazarbekdagi tunnel qurilishini tanqid qildi
Jamiyat
−
02 mart 2023
10827“Toshkent shahar Turkiston shirkat xo‘jaligi– Qozog‘iston Respublikasi chegarasi” avtomobil yo‘lining 3-kilometridagi temir yo‘l ostidan tunnel qurilishi kechikayotgani tanqid qilindi. Bu haqda bugun, 2 mart kuni Oliy Majlis Senatining o‘ttiz yettinchi yalpi majlisida senator Qutbiddin Burxonov gapirar ekan, ushbu holat aholiga noqulaylik tug‘dirayotganini aytib o‘tdi.
“Shuni afsus bilan qayd etish lozimki, ayrim davlat tuzilmalari mas’ullarining sustkashligi, fuqarolarni tashvishga solayotgan muammolarga bepisand qarayotgani islohotlar samaradorligiga soya solmoqda, odamlarning davlatga bo‘lgan ishonchini susaytirmoqda”, deydi Burxonov.
Bunga misol sifatida Burxonov Zangiota tumanidagi jamoatchilik vakillarining murojaatlarini keltirgan.
Ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 28 dekabrdagi 4936-sonli Qaroriga muvofiq “Toshkent shahar Turkiston shirkat xo‘jaligi-Qozog‘iston Respublikasi chegarasi” (Nazarbekdagi) avtomobil yo‘lining 3 kilometrdagi temir yo‘l ostidan tunnel qurilishi belgilangan.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi buyurtmachi bo‘lgan va qiymati 60 milliard so‘mni tashkil etadigan mazkur loyiha 2022 yil oxirigacha ishga tushishi lozim edi. Biroq 2021 va 2022 yillar uchun ushbu loyihaga bor-yo‘g‘i 19 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan, xolos.
Oqibatda chala qolib ketayotgan ushbu qurilish fuqarolarga yengillik berish o‘rniga faqat tashvish va qiyinchilik keltirmoqda. Ya’ni, Zangiotadagi 14 ta mahallaning qariyb 50 ming nafar fuqarosi ilgari qatnab yurgan 3 kilometrlik yo‘l qurilish uchun yopilgan va ular endi salkam 10 kilometr yo‘lni aylanib o‘tib, xizmatga, o‘qishga, shifoxonaga va boshqa tashvishlar bilan poytaxtga qatnamoqda.
“Avtomobillar tirbandligini gapirmasa ham bo‘ladi. Ba’zida haydovchilar soatlab turib qolayotgani haqida murojaat qilmoqda. Ko‘zda tutilgan mablag‘ning aksariyati ajratilmagani va buyurtmachining bu muammoga e’tiborsiz qarayotganini inobatga olsak, odamlarning sarsonligi hali uzoq davom etadiganga o‘xshaydi”, deydi Qutbiddin Burxonov.
Shuningdek, senator majlis zaliga yuzlanib,
“Endi savol tug‘iladi. Agar bu loyihani amalga oshirish qo‘lidan kelmasligini bilgan bo‘lsa, ya’ni, zarur mablag‘ va boshqa resurslarni topa olmasa, qo‘mitaga mazkur ishni boshlash, buning ortidan odamlarni g‘azabini keltirib, davlatga nisbatan ularning ishonchini susaytirish nima uchun kerak bo‘ldi? Tayyor yo‘lni to‘sib qo‘yib, odamlarga yo‘q joydan noqulaylik tug‘dirish, shu bilan xalqning g‘ashiga tegishdan kim manfaatdor?! Davlatning yo‘qotilayotgan mablag‘i, boshqa resurslari, eng asosiysi, odamlar ko‘rayotgan moddiy va ma’naviy zararlar uchun kim javob beradi?”, deya ko‘plab savollarni majlis zaliga ko‘ndalang tashlagan senator.
Bundan tashqari, Burxonov bu masala Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisining shaxsan nazoratida bo‘lishi lozimligini ta’kidlagan.
“Shu bois, qayd etilgan muammolarni hal etish yuzasidan qilingan aniq ishlar va ularning natijalari bo‘yicha keyingi yalpi majlisimizda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisining axborotini eshitsak. Chunki takror aytaman, bunday muammolar aholining kayfiyatiga salbiy ta’sir qilishi, norozilikni yuzaga keltirishi bilan ham dolzarbdir. Bitta ob’ektda boshlangan ishlar qaysidir rahbarning mas’uliyatsizligi sababli belgilangan muddatlarda tugatilmasa yangi qabul qiliniyotgan Dasturga qo‘shimcha ravishda kiritilib, bajarish muddati uzaytirilishi mantiqan to‘g‘rimi? degan savol tug‘iladi”, deydi senator.
Qutbiddin Burxonov ushbu hududda istiqomat qilayotgan aholini qabul qilingan Dasturlarning qaysi biriga ishontirish kerak degan asosli e’tirozlariga nima deb javob berish kerakligini aytgan.
“Bizningcha, barcha imkoniyatlar bo‘lgani holda, asosiysi, aholi jiddiy norozilik bildirayotgan bir sharoitda muddatning uzaytirilgani mas’ullar uchun bahona bo‘lmasligi kerak. Qolaversa, Prezidentimizning 2020 yil 28 dekabrdagi Qarori o‘z kuchida turibdi. Bundan tashqari, texnologiyalar rivojlangan, ya’ni, qurilishda ham tezkorlik shiddat bilan o‘sayotgan hozirgi paytda tunneldagi ishlarni yakunlashni cho‘zib o‘tirishga hojat yo‘q, degan fikrdamiz”, degan Burxonov.
LiveBarchasi