Senatdagi tarixiy majlis va uning “tarixiy qahramoni” G‘aniyev haqida Iqbol Mirzo nima deydi?
Jamiyat
−
30 Sentabr 2019
8360O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Reglament va odob komissiyasi yaqin o‘rtada senatorlarning xatti-harakatlari va muomala madaniyati yuzasidan yig‘ilish o‘tkazmagan edi. Bunday yig‘ilish balki Senat tarixida ilk bor bugun, 30 sentyabr kuni o‘tkazilgan va uning “tarixiy qahramoni” Shuhrat G‘aniyev bo‘lgan bo‘lishi ham mumkin. Har holda senator Iqbol Mirzo Senatning bunday majlisi ilk bor o‘tkazilayotganini aytdi.
“Necha yildan buyon shu komissiyaning raisi bo‘lsam, birinchi marta bunday qamrovda masala ko‘rib chiqilyapti. Ilgari biror hududdan shikoyat bo‘lsa, joyiga chiqib, masalani o‘rganib, chorasini ko‘rib kelardik. Bugungi yig‘ilishimiz – ogohlik bonggi”, deydi Iqbol Mirzo.
Shoir va senator Iqbol Mirzo so‘zida davom etarkan, Shuhrat G‘aniyev lavozimidan kelib chiqib, muloqot o‘rnatishi kerakligini ta’kidladi.
“Haqoratli, dag‘dag‘ali majlislar, selektorlar haqida ko‘p eshitamiz. Shu ma’noda bunga urchigan, ildiz otgan illat deb qarashimiz mumkin. Albatta, inson gapirayotganda, qizishib o‘zi ko‘zda tutayotgan maqsaddan boshqa tarafga chekinib ketishi mumkin.
Birinchidan, hokim, ikkinchidan, Xalq deputatlari viloyat Kengashi raisi, uchinchidan, senator bo‘lgan odam mas’uliyatni his qilib, men Senatning nomidan gapirayotgan bo‘lib talqin qilinishim mumkin, men xalq vakili sifatida xalqni haqorat qilayotgan bo‘lishim mumkin, degan narsalarni hech qachon nazardan chetga qochirmasligi kerak”.
Komissiya a’zolari Maqsudova Vorisova, Gavhar Alimova, Tolibjon Madumarov Shuhrat G‘aniyevga nisbatan chora ko‘rilishini kerakligini talba qildilar. Iqbol Mirzo boshqa senatorlar ham shu fikrda ekanini aytdi:
“Kechadan buyon komissiyamiz a’zolari menga qo‘ng‘iroq qilib, eshitdingizmi, deb vahima qilishyapti. Ilgari hech bunday holat bo‘lmagan edi. Kengashimiz a’zolari bilan gaplashib oldik. Ularning hammasi bir ovozdan Shuhrat G‘aniyevning xatti-harakatlarini qattiq qoralashyapti. Komissiya nomidan taklif kiritishyaptiki, jiddiy chora ko‘rilinki, bu boshqalarga ham namuna bo‘lsin, boshqalar ham ko‘zini ochsin”.
Eslatib o‘tamiz, Senat Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevga qat’iy ogohlantirish berdi va uch oy muhlat berdi. Uch muhlat davomida o‘zgarish bo‘lmasa, qanday chora ko‘rilishini ochiqlamadi.
LiveBarchasi