Senatda “Uzbekistan Airways”da korrupsiyaga yo‘l ochayotgan masala muhokama qilindi
Jamiyat
−
29 Sentabr 2023
7176“Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli aviakassalar faoliyati bilan bog‘liq ayrim muammolar ham fuqarolar e’tiroziga, ham korrupsiyaga sabab bo‘lmoqda. Bu haqda bugun, 29 sentyabr kuni Senatning yalpi majlisida so‘z ochildi.
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov Qo‘mitaga kelib tushgan murojaat asosida “Uzbekistan Airways” AJga qarashli aviakassalar faoliyati bilan bog‘liq ayrim muammolar sabablari dastlabki tarzda o‘rganilganligini aytib o‘tdi.
Unga ko‘ra, aviachipta sotishda eskirgan byurokratik usullar hamon saqlanib qolmoqda. Xususan, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining 2015 yil 25 oktyabrdagi 75-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan Yo‘riqnomaning eskirgani, undagi tegishli normalarning takomillashtirilmagani fuqarolar uchun o‘rinsiz, mantiqsiz to‘siqlarni yuzaga keltirmoqda.
Mazkur Yo‘riqnomaning tegishli bandiga muvofiq, agar fuqarolar “Uzbekistan Airways”ga qarashli kassalardan o‘z yaqinlari uchun aviachipta sotib olmoqchi bo‘lishsa, ulardan fuqarolik pasportining asl nusxasi talab qilinadi. Pasportning asl nusxasini taqdim etmagan fuqarolarga esa aviachipta sotilmaydi.
“Oqibatda bu holat, ayniqsa, yaqinlari boshqa viloyatlarda yashayotganlar uchun qator qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda va shu bois, yo‘lovchilarning haqli e’tirozlari kundan-kunga ko‘paymoqda”, deydi Burxonov.
Qayd etish joizki, “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyatining sayti orqali onlayn tarzda fuqarolik pasportining seriya raqami va amal qilish muddatlarini ko‘rsatgan holda aviachiptani qonuniy asoslarda sotib olish imkoniyati mavjud.
“Tabiiy savol tug‘iladi: agar shunday imkoniyat bo‘lsa, nima uchun “Uzbekistan Airways”ga qarashli kassalardan o‘z yaqinlari uchun aviachipta sotib olmoqchi bo‘lgan shaxslardan fuqarolik pasportining asl nusxasi talab qilinmoqda? Nima uchun yuqorida qayd etilgan Yo‘riqnomaga pasportning seriya raqami va amal qilish muddatlarini ko‘rsatgan (pasport nusxasi orqali) holda aviachiptani sotib olish mumkinligi to‘g‘risidagi qoida kiritilmagan? Zero, aviakompaniyaning veb-sayti yoki mobil ilovasi orqali mustaqil ravishda zarur shaxsiy ma’lumotlarini kiritib aviachipta sotib olgan fuqaro davlat chegarasini kesib o‘tishda Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari tomonidan kerakli baza orqali tekshiriladi va ma’lumotlar noto‘g‘ri kiritilganligi aniqlangan taqdirda, davlat chegarasini kesib o‘tishiga ruxsat berilmaydi va mas’uliyat fuqaroning o‘zida qoladi”, deya ta’kidlaydi senator.
Uning aytishicha, bunday holatlar aviachiptalar savdosidagi korrupsiyaga ham sabab bo‘lmoqda, fuqarolarga yengillik berish o‘rniga faqat tashvish va qiyinchilik keltirmoqda.
Bildirilishicha, Senat tomonidan 2021 yilning 19 mart kuni “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyatiga yuqorida qayd etilgan muammoni hal etish uchun Yo‘riqnomaga tegishli o‘zgartirishlar kiritish yuzasidan murojaat qilingan. So‘rov yuzasidan berilgan javobda ushbu muammoni bartaraf etish choralari ko‘rilayotganligi ma’lum qilingan.
“Afsuski, bundan qariyb ikki yil oldin aniqlangan va so‘rovda ko‘rsatilgan muammolar hozir ham o‘z yechimini topmagan. Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligiga senator murojaati takroran yo‘llangan ham edi”, deydi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi.
Burxonovga ko‘ra, joriy yilning 23 iyun kuni “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari imzosi bilan Senatga yo‘llangan javobda hech bir asossiz bu muammoni hal qilish imkonsiz ekani ma’lum qilingan.
“Nahotki, ham fuqarolar e’tiroziga, ham korrupsiyaga sabab bo‘ladigan, ochiq-oydin ko‘rinib turgan bo‘shliqni bartaraf etib bo‘lmasa!?” deydi senator.
LiveBarchasi