Senat majlisi o‘z ishini boshladi

Jamiyat

image

Bugun, 2019 yil 30 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi. Unda senatorlar, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etmoqda. 

Senat raisi Tanzila Norboyeva majlisni ochiq deb e’lon qildi.

Yalpi majlisda 86 nafar senator ishtirok etmoqda.

Yalpi majlis kun tartibiga 17 masala kiritilgan bo‘lib, shundan o‘ntasi qonunlardir.

Jumladan, majlisda “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”, “Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida”, “Bankrotlik to‘g‘risida”, “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi yangi qonunlar muhokamadan o‘tkaziladi.

Byudjet, mehnatga haq to‘lash, bola huquqlari, tadbirkorlik sub’ektlari bilan bog‘liq bir qancha qonunlarga esa o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritiladi.

“1993 yil 22 yanvardagi Fuqarolik, oilaviy va jinoyat ishlari bo‘yicha huquqiy yordam hamda huquqiy munosabatlar to‘g‘risidagi Konvensiyaga doir Bayonnoma (Moskva, 1997 yil 28 mart) ratifikatsiya qilish rejalashtirilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturining 2019 yil uchinchi choragidagi ijrosi yuzasidan hisoboti, O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2019 yilgi xarajatlariga o‘zgartish kiritish, Samarqand viloyatining Samarqand shahri va Samarqand tumani chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqiladi.

Davlat bojxona xizmati organlari tomonidan qonun hujjatlarining ijro etilishi holati va Toshkent viloyatidagi chegara bojxona postlari faoliyatini o‘rganish natijasi yuzasidan, Arzon uy-joylar qurish jarayonidagi muammolar yuzasidan hamda Aholini tabiiy gaz va elektr energiyasi bilan ta’minlash jarayonidagi muammolar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish majlis kun tartibidan o‘rin olgan.
 
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

12

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing