Senat DXX faoliyatiga doir qonunni ma’qulladi
Jamiyat
−
17 mart 2022
13438Bugun, 17 mart kuni Oliy Majlis Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisida “Kiberxavfsizlik to‘g‘risida”gi qonuni muhokama qilindi.
Qonun 8 ta bob va 40 ta moddadan iborat bo‘lib, ularda Qonunning maqsadi, vazifalari, asosiy tushunchalar, kiberjinoyatchilikning oldini olish, unga qarshi kurashishning prinsiplari, yo‘nalishlari, usullari, mas’ul davlat organi va uning vakolatlari, kiberxavfsizlik hodisalari bo‘yicha choralar ko‘rish hamda xalqaro hamkorlik masalalari nazarda tutilmoqda.
Jumladan, qonunning maqsadi mamlakatda kiberxavfsizlik sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat bo‘lib, uning asosiy vazifalari kibermakonda shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini tashqi va ichki tahdidlardan himoya qilish hisoblanadi.
Qonunda kiberjinoyatchilik, kibertahdid, kiberxavfsizlik, kiberhimoya va kiberhujum kabi tushunchalar qo‘llanib, kiberxavfsizlikni ta’minlashning asosiy prinsiplari va bu sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilanmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati kiberxavfsizlik sohasidagi vakolatli davlat organi etib belgilanib, uning huquqlari va majburiyatlari mustahkamlab qo‘yilmoqda.
Qonun davlat organlari va tashkilotlarining kiberxavfsizlikni ta’minlash borasidagi huquq va majburiyatlarini nazarda tutadi.
Kiberxavfsizlik sub’ektlarining huquq va majburiyatlari, ularning kiberxavfsizlik talablariga muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan majburiy tartibda yoki kiberxavfsizlik sub’ektlarining tashabbusiga ko‘ra amalga oshirilishi belgilab berilmoqda.
Qonunda kiberjinoyatchilik hodisalarini tekshirish, choralar ko‘rish, sodir bo‘lgan hodisalar to‘g‘risidagi axborotni oshkor qilishga qaratilgan qator chora-tadbirlar mustahkamlab qo‘yilmoqda:
• qonunning qabul qilinishi, birinchidan, shaxs, jamiyat va davlatning xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi;
• ikkinchidan, kiberxavfsizlikni davlat tomonidan tartibga solish, huquqiy, tashkiliy, ilmiy-texnik va me’yoriy uslubiy ta’minot tizimini takomillashtirishga, axborot tizimlari va resurslarining yaxlitligini ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shadi;
• uchinchidan, ruxsatsiz harakatlar, axborotni yo‘q qilish, o‘zgartirish, buzish, nusxalash, bloklash va mamlakatning axborot tizimlari va tarmoqlariga noqonuniy aralashishning boshqa shakllarining oldini olishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
LiveBarchasi