Senat “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonunni ma’qulladi

Jamiyat

image

Bugungi kunda dehqon xo‘jaligi sohasidagi munosabatlar 1998 yil 30 aprel kuni qabul qilingan amaldagi “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan tartibga solib kelinmoqda. Biroq ushbu Qonun hozirgi zamon voqeligiga va norma ijodkorligi amaliyotiga mos kelmaydi. Oliy Majlis Senatining o‘n uchinchi yalpi majlisida “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi. Bu haqda Senat Axborot xizmati xabar berdi.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq dehqon xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkalari fuqarolarga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida berilishi nazarda tutilgan bo‘lib, dehqon xo‘jaliklari yerlarida aholi tomonidan o‘zboshimchalik bilan uy-joylar va boshqa imoratlar qurilib, turar joy sifatida foydalanib kelinmoqda. Bunda yerlarni asrash, unumdorligini oshirish va agrotexnika talablariga rioya qilish kabi majburiyatlarni bajarishga lozim darajada e’tibor berilmayapti.

Mazkur Qonun dehqon xo‘jaliklarini yuritishni tashkil etish sohasidagi munosabatlar tartibga solish maqsadlariga xizmat qiladi.  

Qonunda dehqon xo‘jaliklariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yer uchastkasini meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi bilan berish amaliyoti o‘rniga bundan keyin yer uchastkasini ijara asosida berish tizimini joriy etish;

bog‘dorchilik va uzumchilik uchun ellik yil muddatga, sabzavotchilik, polizchilik uchun yoki boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirish uchun o‘ttiz yil muddatga ijaraga berish;

dehqon xo‘jaligini yuritish uchun berilgan yer uchastkasida binolar va inshootlarni, shu jumladan, yerosti inshootlarini qurishni taqiqlash, bundan yengil konstruksiyali issiqxonalarni va boshqa imoratlarni, shuningdek sug‘orish inshootlarini qurish mustasno;

dehqon xo‘jaligiga bundan keyin ijaraga beriladigan yerning minimal maydonini belgilagan holda maksimal maydonini ko‘paytirish (0,06 gektardan 1 gektargacha);

Fermer xo‘jaliklari yoki boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan dehqon xo‘jaligini yuritish uchun qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning asosiy ekindan bo‘shagan qismi oraliq qishloq xo‘jaligi ekinlari ekish uchun 0,06 gektardan 10 gektargacha;

dehqon xo‘jaligi tomonidan o‘zining qishloq xo‘jaligi mahsulotini realizatsiya qilishdan olingan daromadlarga soliq solinmasligi;

nizo mavjud bo‘lgan taqdirda dehqon xo‘jaligi yerlarini olib qo‘yish sud tartibida amalga oshirilishi belgilab qo‘yilmoqda.

Shuningdek, Davlat dehqon xo‘jaliklarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini kafolatlaydi.

Dehqon xo‘jaliklari tasarrufida bo‘lgan yer uchastkalari maydonlarini maqbullashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Davlat organlari dehqon xo‘jaliklarini rivojlantirishga va ularning faoliyatini mustahkamlashga ko‘maklashadi.

Dehqon xo‘jaligi o‘z ixtisoslashuvini, shu jumladan, qishloq xo‘jaligi ekinlarining turlari va hajmlarini, ularni yetishtirish hamda agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish usullarini mustaqil ravishda belgilaydi.

Mazkur Qonunning hayotga tatbiq etilishi natijasida yer uchastkalari dehqon xo‘jaliklariga ijara huquqi asosida berilishi, ushbu yerlarda qonunga xilof ravishda qurilishlar amalga oshirilishi va dehqon xo‘jaliklariga ajratilgan yer uchastkalarining noqonuniy yoki turli bahonalar bilan olib qo‘yilishini oldini olishga, yerga bo‘lgan huquq kafolatlarini yanada kuchaytirishga erishiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

200

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing