“Sen Putinning qulisan”. Saakashvilining qamoqdagi videolari tarqatildi
Olam
−
15 noyabr 2021
21345Gruziya Jazoni ijro etish xizmati mamlakatning sobiq Prezidenti Mixail Saakashvilining qamoqxonada ochlik e’lon qilgani va Rustavi koloniyasidan qamoqxona shifoxonasiga majburan o‘tkazilgani aks etgan yangi kadrlarni e’lon qildi.
Saakashvilining advokatlari e’lon qilingan kadrlar Gruziyaning uchinchi Prezidentiga nisbatan g‘ayriinsoniy munosabatlarni aks ettirgan, deb hisoblaydi.
Biroq, rasmiylar bu uning yomon xulq-atvori va xodimlarga nisbatan haqoratli munosabatidan dalolat berishini ta’kidlamoqda.
“Bizning maqsadimiz har doim jamiyatimizdan xabardor bo‘lish va haqiqatni bilish bo‘lgan, hozir ham shunday va shunday bo‘lib qoladi. Aynan shu maqsadda maxsus jazoni ijro etish xizmati ushbu kadrlarni e’lon qiladi”, deydi Gruziya Adliya vaziri Rati Bregadze.
Rasmiylar e’lon qilgan kadrlar joriy yilning 8 noyabr kuni Saakashvili ayblanuvchilar va mahkumlar uchun 18-tibbiy muassasaga — Tbilisi tumanlaridan biridagi qamoqxona shifoxonasiga o‘tkazilganda olingan.
Videolardan birida bir necha erkak Saakashvilini mashinadan tortib olib, qo‘l-oyog‘idan ushlab koridor bo‘ylab sudrab ketayotganini ko‘rish mumkin. Xuddi shu holatda uni palataga olib kelishgan — bu vaqtda u beligacha yalang‘och bo‘lgan.
Epizodlardan birida sobiq Prezident oq xalatdagi odamni palatadan itarib yuboradi. Boshqa birida, Saakashvili g‘azab bilan nimadir degani va qo‘li bilan karavot yonidagi stoldan qandaydir jihozlarni uloqtirgani aks etgan. Keyinroq jazoni ijro etish xizmati Saakashvili qamoqxona shifoxonasiga olib ketilayotganda tez yordam mashinasida suratga olingan videoni ham tarqatgan.
Xizmat bunday kadrlarni taqsimlash uchun bir xil argumentga ega — jamoatchilik qiziqishi.
“Kadrlarda uning muassasa xodimlarining qonuniy ko‘rsatmalariga bo‘ysunmayotgani, o‘zini agressiv tutayotgani va ularni haqorat qilayotgani yaqqol ko‘rinib turibdi”, deyiladi videoga berilgan izohda.
Kadrlarda Saakashvili o‘ziga nisbatan qilingan munosabatdan g‘azablangan, u Rustavi qamoqxonasiga qaytarilishini talab qilgan va mashinadan tushmasligini aytgan.
“Sen Putinning qulisan! Tinchlanish nima degani! Putinning topshirig‘ini bajaryapsan!”, deydi sobiq Prezident uni tinchlantirishga undagan odamga.
Advokatlarning so‘zlariga ko‘ra, videolar Saakashviliga qamoqxonada g‘ayriinsoniy munosabatda bo‘linayotganini isbotlaydi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning oktyabr oyi boshida o‘z vataniga qaytgan Saakashvili oradan ko‘p o‘tmay hibsga olindi. Gap shundaki, unga nisbatan Gruziyada bir nechta moddalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Biroq, sobiq Prezident bundan norozi va aynan shu sabab ham ochlik e’lon qilib, o‘zini siyosiy mahbus deb e’lon qilgan. O‘z navbatida, Davlat xavfsizlik xizmati vakili Mixail Saakashvili mamlakatda to‘ntarishni rejalashtirayotganini aytgan.
LiveBarchasi