Sel mavsumi: ushbu tabiiy ofat Qashqadaryoni ham chetlab o‘tmadi (foto)

Jamiyat 11774
image
-

Bugun, 20 iyul kuni Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi qishloqlarning biriga sel keldi. Bu haqda tuman hokimligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, tumanning tog‘li hududlarida kuchli yomg‘ir va do‘l yoqqan. Buning oqibatida to‘planib qolgan mayda tosh zarrachalari sel toshqinida oqib kelgan. Shuningdek, sel sabab Ko‘l qishlog‘iga olib boradigan yo‘lga zarar yetgan va vaqtincha qatnov to‘xtatilgan.

Mazkur holatdan xabar topgan Shahrisabz tumani hokimligi zaruriy texnikalar va yoqilg‘i mahsulotlarini talafot joyiga yuborgan. Hozirda vaziyat barqarorlashgan va yo‘l holati yaxshilanib, avtomobil qatnovi tiklangan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 13 iyul kuni Qirg‘iziston Respublikasi Jalolobod viloyati hududida kuchli yomg‘ir yog‘ishi natijasida sel oqimlari hosil bo‘lgandi. Ushbu sel oqimlari ta’sirida qo‘shni O‘zbekiston Respublikasi Namangan viloyatida ham tabiiy ofat yuzaga kelgan. Viloyatning Kosonsoy tumanidan sel kelishi oqibatida 9 kishi halok bo‘ldi. Bundan tashqari, Qirg‘izistonning o‘zida ham kamida 8 kishi ushbu tabiiy ofatdan vafot etdi. Shuningdek, Tojikistonda ham kamida 10 kishi sel kelishi oqibatida halok bo‘lgan.

Farruxjon Murodqulov
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 427
Reyting: 3.1
t
×