“Selxoz” yondimi yo yoqib yuborildi?
3-sahifa
−
01 Oktabr
16734Kecha, 30 sentyabr kuni soat 20:10 da Toshkent viloyati, Qibray tumanida joylashgan Toshkent davlat agrar universiteti hududidagi binoda yong‘in sodir bo‘ldi. Yong‘in 2400 kvadrat metr maydonga tarqalib, amalga oshirilgan sa’y-harakatlar natijasida 1000 kvadrat metr maydon saqlab qolingan.
“Sodir bo‘lgan yong‘inni bartaraf etish ishlariga jami 27 ta texnika va 200 ga yaqin shaxsiy tarkib jalb qilingan. Yong‘in 21:36 da qurshab olingan hamda 22:10 da batamom o‘chirilgan”, deya axborot berdi Toshkent shahar FVB matbuot kotibi Rustam Alimov.
Yong‘inning kelib chiqqani bo‘yicha ma’lumot olish uchun mahalliy aholiga yuzlandik. Universitet yaqinida savdo bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorning aytishicha, yong‘in juda tez alangalanib ketgan.
“Biz pastda turgandik, birinchi qavat yonayotganini ko‘rib qoldik. Oradan 5 daqiqa ham o‘tmasdan butun 9 qavat yonib ketdi. Alikafon shamol ta’sirida tez alangalandi va bino bo‘y baravariga yonib ketdi. Biz yong‘in do‘konimizga o‘tib ketmasin, deb borib yordamlashdik. Olovning cho‘g‘i atrofga tarqalib, archalar yona boshlagandi. Biz qo‘limizdan kelguncha o‘chirib turdik. Yaxshiyamki, universitet binosi oldida fontan hovuzi bor ekan. Unga erkaklar tushish-tushmasligini bilmay turganida bir ayol shart kelib ichiga tushib oldi-da, chelaklab suv uzatib turdi”, dedi voqea guvohlaridan biri.
Boshqa bir suhbatdoshning aytishicha, aholi orasida dastavval qo‘rquv bo‘lib, biroz vahima ko‘tarilgan.
“Odamlar yo‘llarni to‘sib, mashinalar harakatini to‘xtatib turdi. Hamma qo‘lidan kelgancha yordam berishga urindi. O‘t o‘chiruvchilar kelguncha amallab turdik”, dedi u.
Ammo guvohlarning aytishicha, bino yonidagi uylarda hech qanday shikast yetmagan. 9 qavatli binodan esa quruq devordan boshqa hech narsa qolmagan va ayanchli holatga kelib qolgan.
“Xabaringiz bor, kecha universitetimizda 9 qavatli iqtisodiyot binosi talafot ko‘rgan. U yerda hech kim bo‘lmagan va hech kim ziyon ko‘rmagan. Yong‘inning kelib chiqish sababi hali aniqlanmadi. Tegishli mas’ullar tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda”, dedi universitet matbuot kotibi Zarnigor Sodiqova.
Shuningdek, u universitetning hujjatlari saqlanadigan qism yongani haqidagi xabarlarni rad etdi va ota-onalardan ham farzandlaridan xavotir olmasliklarini so‘radi.
Ammo yong‘in sodir bo‘lganidan so‘ng undan biroz uzoqroqda joylashgan talabalar turarjoylarida yashovchi talabalar evakuatsiya qilinmagan.
“Biz o‘sha paytda yotoqxonada edik. Yong‘in bo‘layotganini eshitib, pastga tushdik. Biroz tomosha qildik va keyin uxlagani kirib ketdik”, dedi talabalardan biri.
Buni universitet matbuot kotibi yong‘in hududi bilan TTJ o‘rtasidagi masofaning uzoqligi bilan izohladi.
“Yuqorida aytganimdek, bu yong‘in binoning kirish qismida sodir bo‘lgan. Bu talabalar turarjoyiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi. Ularning darslarga ertaga kelish-kelmasligi hozir muhokama qilinmoqda”, dedi u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq QALAMPIR.UZ voqea joyidan reportaj tayyorlagan edi.
LiveBarchasi
26 noyabr