Zaharlanayotgan bo‘lsa ko‘chib ketsin. Mas’ullar fuqaro murojaatini mensimaydimi?
Tahlil
−
15 aprel 2023
17032Agar esingizda bo‘lsa, avvalroq QALAMPIR.UZ “Sergelida odamlar zaharlanmoqda” nomli maxsus surishtiruvini e’lon qilgan va unda sobiq Sergeli, hozirgi Yangihayot tumani 9- hamda 8-qurilish hududlaridagi ko‘p qavatli uylarda tutun chiqargichlarning noto‘g‘ri o‘rnatilgani bois odamlar zaharlanayotgani muammosini tahlil qilgan edi.
Surishtiruvimiz aholi orasida muhokamalarga sabab bo‘ldi, odamlar bunday muammo o‘ta og‘ir oqibatlarga olib kelmasidan avval unga yechim topish kerakligi haqida jon kuydirib izohlar yozdi.
Ammo afsuski, surishtiruvimiz mas’ullarni issiq o‘rnidan qo‘zg‘ata olmadi. Oradan bir haftadan ziyod vaqt o‘tgan bo‘lishiga qaramay, na 12-protokolni imzolagan Qurilish vazirligi, na dudbo‘ronlarni odamlar zaharlanishiga moslab qurgan “O‘zshaharqurilish invest” MCHJ va na Toshkent shahar hokimligi QALAMPIR.UZ’ning ushbu tanqidiy-tahliliy videomateriali yuzasidan bir og‘iz munosabat bildirgani yo‘q.
Biroq surishtiruvimiz davom etayotgan va e’lon qilinishidan bir muddat avval murojaatchi Bekzod Akbarovning shaxsiy uyi derazalariga osib qo‘yilgan “Stop tutun” deb yozilgan bannerni kimdir olib tashlagan.
“Menga aytmasdan o‘zimning shaxsiy uyimdagi, shaxsiy mulkim bo‘lgan bannerni olib tashlashibdi. Muammoni ko‘targan odamga yordam berish o‘rniga mana shunday har xil harakatlar bo‘lyapti”, dedi Bekzod Akbarov.
Akbarov bu ishni kim qilganini bilmasligi, bu paytda u ishda ekani, ammo o‘sha kuni kimdir uyiga kelganiyu eshik qo‘ng‘irog‘ini asabiy chalgani va bu eshikdagi kameralarga muhrlanib qolganini aytmoqda.
Fuqaroning shaxsiy uyiga osilgan bannerni olib tashlashga kimning haqqi bor?
Joriy yilning 6 mart kuni Toshkent shahar hokimi vazifasini bajargan Baxtiyor Rahmonov Bektemir, Sergeli, Uchtepa va Yangihayot tumanlarida yashovchi fuqarolar murojaatidan kelib chiqib, mahallalarda turli sohalardagi mavjud muammo va kamchiliklar joyiga chiqqan holda sektorlar kesimida o‘rganilib, tahlil qilingan hujjatga imzo chekkan.
Mazkur hujjat QALAMPIR.UZ’ga yetib keldi.
Hujjatda turli dolzarb muammolar keltirilgan bo‘lib, ular qatorida Bekzod Akbarovning masalasi ham bor. Ya’ni Yangihayot tumani “Marhamat” MFY 9-qurilish hududida yashovchi ushbu fuqaro “Stop tutun” Telegram kanali ochib atrofdagilar, tanish-bilishlar va obunachilar orasida norozilik keltirib chiqarayotgan ekan. Bundan ko‘rinib turibdiki, hokimlik muammoni hal qilish uchun bannerni olib tashlagan bo‘lishi mumkin.
Bundan tashqari, hujjatda ko‘p qavatli uylarda joylashgan mo‘rilarninng noto‘g‘ri o‘rnatilishi va zararli is gazining chiqib ketmayotgani o‘lim holatlariga sabab bo‘layotgani haqida ham yozilgan.
Darhaqiqat, statistik raqamlarga e’tibor berilsa, O‘zbekistonda is gazidan zaharlanib, vafot etayotganlarning asosiy qismi ko‘p kvartirali uylarda yashovchilarga to‘g‘ri keladi.
Bu haqda 2022 yil 24 may kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining yigirma oltinchi yalpi majlisi oldidan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda gap borgan.
Unda 2022 yilning dastlabki besh oyidayoq is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq 428 ta holat sodir bo‘lgani, natijada 366 nafar fuqaro vafot etgani va 307 nafar shaxs turli darajada jarohatlangani aytilgan edi. Shuningdek, xabarda is gazining chiqishi bilan bog‘liq holatlar asosan ko‘p kvartirali uylarda yuzaga kelayotgani ham alohida yozilgan edi.
Axir, shuning o‘zi O‘zbekistonda ko‘p kvartirali uylarni qurishda va aynan zaharli, zararli tutun va gazlarning chiqib ketishiga mo‘ljallangan dudbo‘ronlarni o‘rnatishda qandaydir xato ketayotganidan darak emasmi?
Biz Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bilan bog‘landik va nima uchun biz ko‘tarib chiqqan muammo yuzasidan munosabat berilmayotganining sababiga qiziqdik.
Vazirlik matbuot kotibi esa bu muammo yuzasidan munosabatni “O‘zshahar qurilish invest” MCHJdan olishimiz kerakligini aytib, mas’uliyatni o‘z bo‘ynidan soqit qilishga urindi.
O‘zbekistondagi qurilish normalari boshqa mamlakatlarnikidan ancha mukammal ekani bilan keriladigan vazirlik nima uchun sanitariya qoida va normalariga umuman mos kelmaydigan ko‘p qavatli uylarni qurish uchun 12-protokolga imzo chekkan?
Afsuski, juda ko‘plab yangi turur-joylar qurilish vazirligining roziligi bilan imzolanayotgan shunday bayonnomalar asosida bugungi kunga qadar qurilib kelinmoqda.
“O‘zshaharqurilishinvest” davlat ishtirokidagi MCHJ esa holat bo‘yicha sudda ish ko‘rib chiqilgani va hech qanday noqonuniy ish aniqlanmaganini bizga eslatdi.
“Sud majlisida javobgar “O‘zshahar qurilish invest” MCHJning ishonchli vakillari Z.O‘roqov va L.Umurzoqovlar o‘z ko‘rsatmasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 23 oktyabrdagi “2017-2020 yillarda shaharlarda arzon ko‘p qavatli uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini samarali amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3350-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, shuningdek, aholiga arzon uy-joylarni qurish va topshirish uchun chet el tajribasini o‘rgangan holda ko‘p qavatli uylarni har bir xonadonini markazlashmagan holda issiqlik va issiq suv bilan ta’minlash uchun tabiiy gaz yoqilg‘isida ishlaydigan individual isitish qozonlari o‘rnatilgani, ushbu isitish qozonlarini ishlab chiqaruvchi tomonidan germetik is gazi mo‘risi o‘rnatilgani va umumiy dudmo‘riga ulanishi mumkin emasligi, aynan da’vogar yashaydigan hududdagi aholiga arzonlashtirilgan uy-joylarni qurish maqsadida mazkur texnikadan foydalanilgani, ob’ektlarni aholiga topshirishdan avval davlat organlari nazoratidan o‘tkazilgani, shu bilan birga isitish qozonidan chiqadigan is gazining miqdori uning atrof-muhitga ta’sirini aniqlash uchun Sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi tomonidan bir necha marta tekshiruv olib borilgani, lekin sanitariya qoidalariga zid holat aniqlanmagani, qurilish ob’ektlari topshirilganidan beri boshqa yashovchilar tomonidan e’tirozlar kelib tushmaganini ma’lum qilib, da’vo arizasini rad etishni so‘radi”, deyiladi fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirobod tumanlararo sudining hal qiluv qarorida. Shu va undan yuqori turuvchi barcha sudlar fuqaroning da’vo arizasini qanoatlantirmagan.
Biz esa surishtiruvimiz davomida Respublika Sanitariya va epidemiologiya qo‘mitasining uzoq yillik tajribali mas’ulidan intervyu olgan edik va u dudbo‘ronlar uyning fasad qismiga o‘rnatilishi amaldagi sanitariya normalariga to‘g‘ri kelmasligini aytgandi ham.
12-protokol imzolanishida ilova qilingan sanitariya tekshiruvi hujjatlarida esa anglashilmovchilik yuzaga kelgan.
“Amaldagi 0350-17-son SanQvaN talablariga muvofiq, ko‘p qavatli binolarda tutun chiqaruvchi mo‘rilar bino tomidan 1,5 metr balandlikda bo‘lishi lozimligi ko‘rsatib o‘tilgan. Toshkent shahar Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazining 2018 yil 24 oktyabrda 04-11b/5044-sonli xatida berilgan xulosa esa tekshiruvlar o‘tkazilgan xonadonlarning oshxonalariga tegishli, xolos.
Ko‘p qavatli uylar xonadonlarida individual isitish qozonlari dudbo‘ronlarini (mo‘risini) o‘rnatish sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarida belgilanmasligi sababli ushbu talablar texnik-hujjatlarda (SHNQ, QMQ) aks ettirilgan bo‘lishi lozim”, deydi Sanitariya-epidemiologiya va jamoat xavfsizligi qo‘mitasi bosh mutaxassisi Juman To‘ychiyev.
“O‘zshaharqurilishinvest” davlat ishtirokidagi korxona matbuot kotibining QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha, bu tajriba Turkiya, Koreya, Yaponiya tajribasidan olingan va boshqa ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda ham dudbo‘ronlar shunday holatda o‘rnatilgan.
“Agar Bekzod Akbarov haqiqatdan ham 3 yildan buyon zaharlanayotgan bo‘lsa, unda nega bu uyini sotib boshqa joydan, eski uylardan olmayapti. Menimcha, sog‘likni o‘ylagan inson eng avvalo shu yo‘lni tutishi kerak emasmi?” deydi korxonaning matbuot kotibi.
Ha, muammoni hal qilish, unga yechim topishdan ko‘ra, muammodan qochish eng qulay usul. Lekin murojaatchi Bekzod Akbarovning aytishicha, muammolardan qochishga mas’ullar o‘rgangan, fuqarolarga esa yechim kerak.
LiveBarchasi