Saylov qanday o‘tyapti? Partiyalar o‘z munosabatini bildirdi

Biznes

image

Bugun, 24 oktyabr kuni O‘zbekiston prezidenti saylovi bo‘lib o‘tmoqda. Saylovda beshta nomzod qatnashmoqda. Bular:

•    “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan Alisher Qodirov;

•    “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Bahrom Abduhalimov;

•    Ekologik partiyadan Narzullo Oblomurodov;

•    Liberal-demokratik partiyasidan Shavkat Mirziyoyev;

•    Xalq demokratik partiyasidan Maqsuda Vorisova.

Xo‘sh partiyalarning bugun o‘tayotgan saylov haqida fikrlari qanday?

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy saylov shtabining oraliq hisoboti

Bugun mamlakatimiz bo‘ylab eng muhim siyosiy tadbir – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi yurtdoshlarimizning faol ishtiroki bilan, ochiq va oshkoralik ruhida davom etmoqda.

Avval xabar berganimizdek, saylovda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Alisher Qodirov ham ovoz berdi.

Hududlarda tashkil etilgan 10 ming 761 ta saylov uchastkalarida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining kuzatuvchilari tegishli komissiyalar tomonidan berilgan mandatlar asosida to‘la tarkibda saylov jarayonini kuzatmoqdalar.

Partiya Markaziy kengashi saylov shtabi ma’lumotiga ko‘ra, ayni paytga qadar joylarda saylov qonunchiligiga zid bo‘lgan xatti-harakatlar kuzatilmagan.

“Adolat” SDP Markaziy saylov shtabining oraliq hisoboti

Bugun muhim siyosiy tadbir – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining ovoz berish jarayoni saylovchilarning faol ishtiroki bilan boshlandi. Saylov uchastkalaridagi faoliyat ochiq va oshkoralikka amal qilgan holda davom etmoqda.

Avval xabar berganimizdek, saylovda “Adolat” SDPdan Prezidentlikka nomzod Bahrom Abduhalimov ham saylov uchastkasiga oilaviy tashrif buyurdi va ovoz berdi.

Hududlarda tashkil etilgan 10 ming 761 ta saylov uchastkalarida “Adolat” SDPning kuzatuvchilari tegishli komissiyalar tomonidan berilgan mandatlar asosida to‘la tarkibda saylov jarayonini kuzatish bilan band.

Partiyaning Markaziy saylov shtabi ma’lumotiga ko‘ra, ayni paytga qadar joylarda Saylov kodeksiga zid holatlar qayd etilmadi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy saylov shtabining oraliq hisoboti

Bugun mamlakatimizning barcha hududlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylovlar bo‘lib o‘tmoqda.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi ham o‘zining nomzodi bilan bu yilgi saylovlarda munosib ishtirok etmoqda.

Respublikamizning barcha hududlarida tashkil etilgan saylov uchastkalariga O‘zbekiston Ekologik partiyasi kuzatuvchilari, vakolatli vakillari va volontyorlar to‘liq biriktirilgan.

Hozirgacha saylov uchastkalarida jiddiy kamchiliklar kuzatilmadi.

O‘zLiDep Markaziy saylov shtabining oraliq hisoboti

Besh yillikning muhim siyosiy jarayoni - O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi Saylov kodeksiga asosan yurtdoshlarimizning faol ishtiroki bilan, ochiq va oshkoralik ruhida davom etmoqda. Ushbu siyosiy tadbir xalqimiz kelajagi, Vatanimizning ertangi kuni, istiqbolini belgilashda katta ahamiyat kasb etadi. 

Hozirgi vaqtda barcha saylov uchastkalari ovoz berish jarayonlari  o‘zining qizg‘in pallasida. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 14 ta saylov okrugi va 10 ming 761 ta tuzilgan saylov uchastkalarida O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining kuzatuvchilari to‘liq tarkibda yakdillik bilan saylov jarayonlarini kuzatib borishmoqda. 

O’zLiDeP Markaziy saylov shtabining ma’lumotlariga ko‘ra, ayni damga qadar saylov qonunchiligiga zid bo‘lgan hatti-harakatlar kuzatilmagan.

Xalq demokratik partiyasi Markaziy saylov shtabining oraliq hisoboti

Saylovchilar bugun o‘zining taqdiriga befarq bo‘lmagan holda saylovga qatnashmoqda. Saylov uchastkalarida yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rilgan. Xususan, pandemiya talablariga amalga qilinmoqda. Fuqarolarimiz saylovda faol qatnashayotganiga guvoh bo‘linyapti.

Xalq demokratik partiyasining barcha saylov uchastkalaridagi kuzatuvchilari ham o‘z vazifasini bajarmoqda. Kuzatuvchilarimizdan shu vaqtgacha Saylov kodeksi talablarining qo‘pol ravishda buzilishi holatlari kuzatilgani haqida markaziy va hududiy shtablarga soat 15:30 ga qadar murojaat kelib tushmadi.

Partiyamiz kuzatuvchilari mamlakatimizda barcha saylov uchastkalarida saylov jarayonlarini bevosita kuzatishda davom etishmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

44

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing