Sayohatdan siyosatgacha. Prezident 2024 yilda qancha yo‘l yurdi?
Tahlil
−
31 dekabr 2024
48882023 yil so‘ngida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yil boshidan qayerlarga borgani haqida gaplashganimiz yodingizdami? Oradan birpasda 1 yil ham o‘tdi. Bu vaqtda ko‘p narsa o‘zgardi. Dunyoda, O‘zbekistonda va har birimizning hayotimizda ko‘p narsa o‘zgardi. Kimningdir oilasi uchun bu yil quvonchli kelgan bo‘lsa, kimlarga aksi. Sizning yilingiz qanday o‘tdi, sarhisob qilishga ulgurdingizmi?
Prezidentning 2023 yilda qayerlarga borgani haqida gapira turib, 2024 yil siz uchun sayohat yili bo‘lsin degandim. Xo‘sh, qayerlarga bordingiz o‘tgan yilda?
Oldin aytganimdek, sayohat qilishdek zavqli ish bo‘lmasa kerak. Lekin siz bilan bizning sayohatimiz boshqacharoq bo‘ladi. Prezidentlarning safarlari esa umuman boshqacha. Kun, soat hatto daqiqalargacha hisobli, kim bilan uchrashuv bo‘ladi, qaysi sammitda qatnashadi, qanday hujjatlar imzolashadi.
Keling, yaxshisi siz bu yilda qayerlarga borganingiz haqida yozguningizcha 2024 yilda Prezident Shavkat Mirziyoyevning qaysi xorijiy mamlakatlarga borib, qancha km yo‘l bosganini aytib beraman.
2024 yil – yanvar (5881 km)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2024 yildagi ilk davlat tashrifi 23-25 yanvar kunlari Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan Xitoyning Pekin shahriga bo‘lgan. Prezident o‘zining yil hisobidan ilk tashrifida yolg‘iz emasdi. Unga O‘zbekiston birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva ham hamrohlik qilgan.
Prezident Pekinda XXR Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan, Xalq siyosiy maslahat kengashi Butunxitoy qo‘mitasi raisi Chjao Letszi, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki prezidenti Szin Litsyun va CNPC neft-gaz korporatsiyasi raisi Day Xoulyan bilan uchrashuvlar o‘tkazgan.
Turli soha vakillari bilan uchrashuvlarini tugatgan O‘zbekiston rahbari birinchi xonim bilan birga Pekindan 1942 km uzoqlikdagi Shenchjen shahriga borib, ko‘plab korxonalar faoliyati bilan tanishgan edi.
Shunday qilib, Toshkentdan Pekinga uchgan Prezident va uning rafiqasi 3939 km yo‘l bosgan. Pekin-Shenchjen o‘rtasidagi masofa esa 1942 kilometrni tashkil etadi.
2024 yil – fevral (2173 km)
O‘zbekiston Prezidentining fevral oyidagi xorijiy safari 21 fevral kuni Rossiyaning Qozon shahriga bo‘lgan.
Amaliy tashrif bilan Qozonga borgan Prezident Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashgan va “Kelajak o‘yinlari” birinchi xalqaro musobaqasining tantanali ochilish marosimida ishtirok etib, ortga qaytgan. Prezident Qozonga borish uchun 2173 km yo‘l bosgan.
2024 yil – aprel (306 km)
2024 yil mart oyida O‘zbekistonning bir nechta viloyatlarida bo‘lgan davlat rahbari bu oyda xorijiy safarga bormagan. Aprel oyidagi ilk davlat tashrifi esa 18 aprel kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmonning taklifiga binoan Dushanbega bo‘lgandi.
Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi Dushanbedagi “Qasri Millat” saroyida bo‘lib o‘tgan. Kutib olishlardan so‘ng ikki mamlakat Prezidentlari uchrashuv o‘tkazib, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi mustahkam aloqalarni muhokama qilishgan. Prezidentlar Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani imzolagan. Shunday qilib, Toshkent – Dushanbe o‘rtasidagi masofa 306 kilometrni tashkil etadi.
2024 yil – may (2792 km)
May oyining 8-9 kunlari Prezident Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Moskva shahriga borgan va Oliy Yevrosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishida ishtirok etgan. Shuningdek, u Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan ham uchrashgan.
Shu kuni Moskvaga nafaqat O‘zbekiston rahbari, balki MDH davlat rahbarlari ham borgan edi.
Mavqedoshlar mamlakatga amaliy tashriflari doirasida Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 79 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etishgan. Shunday qilib, Toshkent-Moskva yo‘nalishida uchgan O‘zbekiston rahbari 2792 km yo‘l bosgan.
2024 yil – iyun (3051 km)
Shavkat Mirziyoyevning keyingi amaliy tashrifi qardosh Turkiyaning Anqara shahriga bo‘lgan edi. Prezident 6 iyun kuni Turkiya Respublikasi rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘anning taklifiga binoan mamlakatga bordi. Turkiya va O‘zbekiston rahbarlarining nafaqat o‘zlari, balki ularning rafiqalari ham o‘zaro ko‘p bordi-keldi qilishadi. Shavkat Mirziyoyevga bu safarda rafiqasi ham hamrohlik qilgan.
Rasmiy kutib olishlardan so‘ng Prezidentlar raisligida O‘zbekiston-Turkiya oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining uchinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Bu orada birinchi xonimlar ham uchrashib, turli tadbirlarda ishtirok etishgan. Shunday qilib, Toshkent-Anqara yo‘nalishi bo‘ylab parvoz qilgan Prezident va uning rafiqasi 3051 km yo‘l bosishgan.
2024 yil – iyul (2740 km)
Iyul oyidagi ilk tashrif Qozog‘istonning Ostonasiga bo‘lgan edi. Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining majlisi va “SHHT plyus” formatidagi uchrashuvda ishtirok etish uchun 3-4 iyul kunlari amaliy tashrif bilan Ostona shahriga borgan O‘zbekiston rahbari sammitdan tashqari ham turli uchrashuvlar o‘tkazgan edi.
U Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif bilan uchrashuv o‘tkazgan. Toshkent-Ostona yo‘nalishidagi masofa esa 1109 km ni tashkil etadi.
Yil boshidan buyon har oyda bitta xorijiy safarni amalga oshirgan Mirziyoyev iyul oyida 2 ta mamlakatda bo‘lgan. 4 iyul kuni Ostonadan qaytgan davlat rahbari bir kun o‘tib, 5 iyul kuni Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida ishtirok etish uchun Ozarbayjonga jo‘nab ketgan.
Amaliy tashrif bilan Ozarbayjonning Fuzuliy shahriga borgan davlat rahbari birinchi o‘rinda Shushaga borib, Ilhom Aliyev hamrohligida u yerda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishgan. Shunday qilib, Toshkentdan Ozarbayjonning Fuzuliy shahriga borgan davlat rahbari 1631 km yo‘l bosgan.
2024 yil – avgust (1109+1109 km)
Prezident avgust va sentyabr oylarida bir martadan Qosim-Jomart To‘qayev taklifiga binoan Qozog‘istonning Ostona shahriga borgan. O‘zbekiston rahbari 7-9 avgust kunlari amalga oshirgan safarida beshinchi Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlarining ochilish marosimida ishtirok etib, “Oltin Qiron” ordeni bilan taqdirlangan.
17 sentyabr kuni esa aynan Ostonada bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Germaniya” sammitida ishtirok etgan. Xullas, ketma-ket Toshkentdan Ostonaga uchgan davlat rahbari 1109 km dan yo‘l yurgan.
2024 yil – oktyabr (5969 km)
2024 yilning oktyabri boshqa oylarga qaraganda tashriflarga boy bo‘lgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining majlisida ishtirok etish uchun 7-8 oktyabr kunlari amaliy tashrif bilan Moskva shahriga borgan. Toshkent-Moskva yo‘nalishida parvoz qilgan O‘zbekiston rahbari 2792 km yo‘l bosgan.
Bu oydagi keyingi safar 10-12 oktyabr kunlari Turkmanistonning Ashxobod shahriga bo‘lgan edi. Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning taklifiga binoan amaliy tashrif bilan turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligiga bag‘ishlangan “Zamon va sivilizatsiyalarning o‘zaro bog‘liqligi – tinchlik va taraqqiyot asosi” mavzusidagi xalqaro forumda ishtirok etish uchun ushbu mamlakatga borgan.
O‘zbekiston rahbari ushbu tashrif davomida Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashuv ham o‘tkazgan. Bu tadbir uchun Toshkentdan Ashxobodga uchgan Shavkat Mirziyoyev jami 1004 km yo‘l yurgan.
Oktyabr oyining eng so‘nggi tashrifini amalga oshirish uchun naq 2172 km parvoz qilgan Shavkat Mirziyoyev BRICS mamlakatlari sammitida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Qozon shahriga borgandi. Keng miqyosdagi tadbirda O‘zbekiston rahbari turli uchrashuvlar o‘tkazgan va Tatariston Respublikasining davlat mukofoti – “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.
2024 yil – noyabr (5043 km)
Noyabr oyining ilk amaliy tashrifi Toshkent shahridan 471 kilometr uzoqlikda joylashgan Bishkekka bo‘lgan.
O‘zbekiston rahbari 5 noyabr kuni Bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun mamlakatga borgan. Shavkat Mirziyoyev sammit doirasida Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bilan ham uchrashib, ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni ham muhokama qilgan.
Keyingi safar 11 noyabr kuni Ikki muqaddas masjid xodimi – Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saudning taklifiga binoan amaliy tashrif bilan Ar-Riyod shahriga bo‘lgan edi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ar-Riyod shahrida o‘tkazilgan navbatdan tashqari arab-islom sammitida qatnashgan. Bundan tashqari, davlat rahbari Saudiya Arabistoni energetika vaziri shahzoda Abdulaziz bin Salmon Ol Saud va Saudiya Arabistoni investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih bilan uchrashuv ham o‘tkazgan.
Ar-Riyodga amaliy tashrif doirasidagi tadbirlar yakunlanganidan so‘ng, Shavkat Mirziyoyev Bokuga jo‘nab ketgan. Toshkent-Ar-Riyod 2789 km. Ar-Riyod-Boku 1774 km.
Shavkat Mirziyoyev nima uchun Saudiya Arabistonidan Ozarbayjonga borgan deyayotgan bo‘lsangiz, o‘zim aytib o‘taman. 12 noyabr kuni Bakuda COP29 sammiti bo‘lib o‘tgan. O‘zbekiston rahbari aynan shu sammitda ishtirok etib, nutq so‘zlagan.
Shuningdek, Prezident Jahon savdo tashkiloti bosh direktori Ngozi Okono-Ivevala, Global ekologik fond bosh direktori Karlos Rodriges, Gretsiya Bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis bilan uchrashuvlar o‘tkazgan.
2024 yil – dekabr (3363 km)
Esingizda bo‘lsa, Davlat rahbarining 2023 yildagi eng so‘nggi safari 25 dekabr kuni Sankt-Peterburgga bo‘lgan edi. 2024 yilda ham shunday bo‘ldi.
25-26 dekabr kunlari Sankt-Peterburgda MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Mamlakatga amaliy tashrif bilan borgan O‘zbekiston rahbari ushbu uchrashuvda qatnashdi.
Xullas, prezidentning bu yili ham safarlarga boy bo‘ldi. O‘zbekiston rahbari 2024 yilda jami 33 536 km yo‘l yurib, xorijiy safarlarni amalga oshirdi. Albatta, bu faqatgina mamlakatlarga borish km lari xolos. Qaytish bilan hisoblaganda km lar 70 mingdan oshib ketadi.
Prezident mamlakatlarga safarlari davomida o‘sha davlat rahbarlari bilan uchrashib, turli sammit va yig‘inlarda ishtirok etdi, taqdirlandi va mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarni yaxshilash va boshqa masalalarda ko‘plab hujjatlar imzoladi.
LiveBarchasi