Savdo urushi. Xitoy Trampning boj siyosatini qoraladi
Olam
−
03 aprel
2116Xitoy Savdo vazirligi AQSHning yangi bojlaridan norozi bo‘lib, Vashington uzoq yillik savdo muzokaralari natijasida erishilgan manfaatlar muvozanatini e’tiborsiz qoldirayotganini ma’lum qildi. Bu haqda vazirlikning rasmiy bayonoti e’lon qilindi.
Hujjatga ko‘ra, Amerika rasmiylari xalqaro savdoda go‘yoki yo‘qotishlarga uchraganiga ishora qilmoqda va “o‘zarolik” deb ataladigan dalildan foydalanib, barcha savdo hamkorlari uchun bojlarni oshirmoqda. Vazirlikning fikricha, bunday yondashuv erishilgan manfaatlar muvozanatini buzadi va AQSH uzoq vaqt davomida xalqaro savdodan katta foyda ko‘rganini e’tiborsiz qoldiradi.
Xitoy rasmiylari, shuningdek, AQSH sub’ektiv soliqlarni joriy etayotganini ta’kidlagan. Vazirlikka ko‘ra, bu xalqaro savdo qoidalariga mos kelmaydi va tegishli tomonlarning qonuniy huquq va manfaatlariga jiddiy zarar yetkazadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp savdo hamkorlarga nisbatan “o‘zaro bojlar” joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzolagandi. Tarif ro‘yxatiga o‘nlab davlatlar, jumladan, O‘zbekiston ham kiritilgan. Ular orasida eng yuqori boj – Xitoy, Vetnam va Kambodja mahsulotlariga qo‘llanilgan. Farmonga ko‘ra, Xitoydan keladigan tovarlarga AQSHda 34 foiz, oldingi tariflar bilan jami 54 foiz boj solinadi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, joriy etilgan tariflar Amerika tovarlari uchun “valyuta manipulyatsiyasi va savdo to‘siqlari”ga javobdir.