Saudiyalik ayollarga birdan ikki huquq berildi
Olam
−
02 avgust 2019
7123Saudiya Arabistonida qator qonunlarga o‘zgartirish kiritilishi natijasida qirollik ayollari mustaqil ravishda chet elga chiqish pasportlari olishi va voyaga yetmaganlarga vasiylik qilishi mumkin bo‘ldi. Bu haqda Saudiyaning “Okaz” gazetasi xabar berdi.
Yangi tartibga ko‘ra, 21 yoshga to‘lgan ayollar vasiylarining roziligisiz mustaqil chet elga chiqish pasportlarini olishi mumkin. Avval ayollar xorijga chiqish uchun erkak vasiylaridan ruxsat olishi kerak bo‘lgan. Ayolga ota, turmush o‘rtoq yoki aka vasiylik qilishi mumkin bo‘lgan.
Bundan tashqari, ayollar voyaga yetmagan bolalarga vasiy bo‘lish va yangi tug‘ilgan farzandni erkaklar qatori ro‘yxatdan o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritdi.
Shuni qayd etish kerakki, eng konservativ qirollikda jamiyatdagi islohotlar 2015 yilda Salmon bin Abdul Aziz Al-Saudning taxtga o‘tirishi bilan boshlangan. O‘tgan yilning fevral oyida saudiyalik ayollarga mustaqil avtomobil boshqarish huquqi berilgandi.
LiveBarchasi