Saudiya shahzodasi Ilon Maskning taklifini rad etdi

Olam

image

Avvalroq amerikalik milliarder Ilon Mask Twitter aksiyalarining 100 foizini sotib olishga tayyorligini ma’lum qilgandi. Milliarder Twitter’ning har bir aksiyasi uchun 54,20 dollar bermoqchiligi aytilgandi.

Saudiya qirollik oilasi a’zosi, Twitter aksiyadorlaridan biri bo‘lgan shahzoda Al-Valid bin Talal al-Saud kecha, 14 aprel kuni amerikalik tadbirkor Ilon Maskning ijtimoiy tarmoqni sotib olish taklifini rad etdi.

“Men Ilon Maskning 54,2 dollarlik taklifi o‘sish istiqbollarini hisobga olgan holda Twitter’ning haqiqiy qiymatiga arziydi, deb ishonmayman. Twitter’ning eng yirik va eng uzoq muddatli aksiyadorlaridan biri sifatida Kingdom Holding Company va men bu taklifni rad etamiz”, deb yozgan shahzoda ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Al-Valid bin Talal 2015 yil oktyabr oyida yozgan postini eslatib o‘tgan. Postda u va Kingdom Holding kompaniyasi Twitter’dagi ulushini 5,2 foizga oshirib, aktivlarining bozor qiymatini 3,75 milliard riyoldan (1 milliard dollar) ko‘proqqa yetkazgani aytilgan.

Eslatib o‘tamiz, “Reuters” agentligi kecha Twitter’ning eng yirik aksiyadoriga aylangan Mask kompaniyani 41,39 milliard dollarga (bir aksiya uchun 54,2 dollar) sotib olishni taklif qilgani haqida xabar bergan edi. Ta’kidlanishicha, Twitter direktorlar kengashi kompaniya va uning aksiyadorlari manfaatlariga to‘g‘ri keladigan chora-tadbirlarni belgilash bo‘yicha uning taklifini diqqat bilan ko‘rib chiqadi.

AQSH Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasining ma’lumotlariga ko‘ra, Mask Twitter’dagi 9,2 foiz ulushga ega. Shu bilan birga, 11 aprel kuni u kompaniya direktorlar kengashi a’zosi bo‘lmaslikka qaror qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Twitter Ilon Mask

Baholaganlar

955

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing