Saudiya Arabistoni “Haj-2022” mavsumi uchun yosh chegarasini belgiladi
Jamiyat
−
12 aprel 2022
34946“Haj-2022” mavsumida ishtirok etishi mumkin bo‘lgan yosh chegarasi 65 yoshgacha etib belgilandi. Bu haqda O‘zbekiston Musulmonlari idorasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Saudiya Arabistoni podshohligining Haj va umra vazirligi “Haj-2022” mavsumida, pandemiya hamon davom etayotganini hisobga olib, chet ellik va mahalliy hojilarga jami 1 million kishi uchun haj ibodatini amalga oshirishga ruxsat bergan.
Bundan tashqari, barcha hojilar SAP Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ro‘yxatdan o‘tgan va Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotida tasdiqlangan Pfizer/BioNTech (AQSH-Xitoy), Oxford-AstraZeneca (Buyuk Britaniya-Shvetsiya), Moderna (AQSH) va Johnson & Johnson (AQSH) vaksinalarining 2 dozasini qabul qilgan bo‘lishi zarur.
Xorijiy hojilar SAPga kirishdan 72 soat oldin koronavirus diagnostikasi haqida salbiy natijali PSR ma’lumotnomasini taqdim etishi lozim.
“SAP Haj va umra vazirligi hojilarning ibodat amallarini bajarish davomida o‘z sog‘liqlarini saqlash uchun ehtiyotkorlik shartlari va qoidalariga to‘liq amal qilishlari zarurligini kat’iy talab qilmoqda”, deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, mazkur masala “Haj” va ”Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik Kengashi hamda O‘zbekistonning Jidda shahridagi Bosh konsulligi “Haj” va ”Umra” masalalari bo‘yicha attashesi bilan hamkorlikda muvofiqlashtirilmoqda.
Haj mavsumi joriy yil taxminan iyul oyining boshlariga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda.
LiveBarchasi