Sarmishsoy — qoyatoshga bitilgan tarix
Bu qiziq
−
24 aprel 2019
10784Yurtimiz sir-sinoatli qadamjolar, obidalarga boy. Navoiy viloyatining Navbahor tumanida ochiq osmon ostidagi muzey — Sarmishsoy darasi o‘zining qoyaga o‘yib ishlangan qadimiy tasvirlari bilan mashhur.
Sarmishsoy haqida ko‘p eshitgandirsiz. Ammo ushbu makonga qilgan sayohatim davomida olgan taassurotlarni boshqacha rakursda bayon etishni niyat qilganman.
Daraga qarab ketaverishda mana bunday yo‘l ko‘rsatgichiga guvoh bo‘lasiz.
Atrof baland qoyali tog‘lar bilan o‘ralgan bahovo maskan – Sarmishsoy darasi o‘zining sirliligi, tarixining qoyalarga bitilgan tasvirlar orqali shivirlashi bilan o‘ziga chorlaydi.
Qo‘lda fotoapparat, qoyalardagi petrogliflarni tomosha qilib tasvirga olib borarkanman ayni tushlik pallasi yaqinlashib qolgan, quyosh taftida kuydurgudek. Bir pas soyalayman. Adirga yaqin joyda cho‘ponlar oshyon tutgan qayrag‘ochning soyasiga shoshilaman. Hayriyat-ye, soyaga yetib oldim. Cho‘pon menga qiziqinqirab, sayyohmisiz deganday qarab turaverdi.
Salom-alikdan keyin bu qoyatoshlar qa’riga singib ketgan siru javohirlar haqida ko‘proq bilgim kelayotganligini aytdim. O‘zini Qutlug‘murod deb tanishtirgan cho‘ponning aytganlari esa hayratimni oshirib yubordi.
– Uka, bu yerga birinchi bor kelishingmi deyman, – deb so‘z boshladi Qutlug‘murod aka unga tikilib turganimni ko‘rib. Boshimni silkitdim. Majolim qolmagandida. Quloqlarimni ding qilib cho‘ponning gaplarini tinglab o‘tirardim.
– Bolalagimdan bu yerlarda cho‘ponlik qilaman, ota kasbda, – deydi mamnunlik bilan Qutlug‘murod aka. – Esimni taniganimdan buyon olimlar bu yerga tez-tez kelib turishadi. Ularni orasida chet elliklariyam ko‘p bo‘lgan. Bir ikki marta qiziqib so‘raganimda bu qoyalarda 10 mingdan ortiq tasvirlar borligini aytib qolishdi. Lekin men bunga ishonmadim. Sarmishsoyda bunaqa qoyatasvirlar 20 mingdan ham ko‘p bo‘lsa keragov.
Cho‘ponning aytganlarida ham jon bordek. O‘z ko‘zim bilan ko‘rganlarimchi! Ko‘z ilg‘amas petrogliflarning bir qanchasini sanab tashladim. Hech biri takrorlanmaydi. Mahoratli rassom tomonidan o‘yib chizilgandek turibdi.
Cho‘ponning aytishicha, toshlarga o‘yib chizilgan rasmlarning barchasini bir qarashda ilg‘ab olish mushkul emish. Tongda, tushlik vaqti va quyosh botayotganidagina ko‘rinadigan tasvirlar bor ekan. Ba’zi tasvirlar faqatgina yomg‘irli kunda ko‘zga tashlanishi haqida ilk bor eshitishim. Menimcha siz ham. Buni sinab ko‘rish fikri hayolimdan o‘tdi.
Ko‘ziga hayrat bilan tikilib turganimni ko‘rgan Qutlug‘murod aka yuring hozir ko‘rasiz, degandek qoya tomonga ketaverdi. Ortidan ergashdim. Bir qoya oldiga borib, qarang nimani ko‘ryapsiz, deya so‘radi. Men esa hech nima deganday serrayib qoldim. Qo‘lidagi meshini ochib, bir hovuch suvni qoyaga sepdi. Yaqinroqdan qarangchi, deya oldiga imladi.
Mo‘’jiza!!! Suv sepilgandan keyin paydo bo‘lgan tasvirni ko‘rib, og‘zim lang ochilib qoldi. Sumkadan fotoapparatni oldimu, siz hozir ko‘rib turgan tasvirlarni suratga oldim.
Qoyatoshlarga o‘yib ishlangan rasmlar olimlar o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, bundan qariyb 5-7 ming yil ilgari bu yerda uy hayvonlarini xonakilashtirib, o‘troq yashagan aholi tomonidan chizilganligi aniqlangan.
Cho‘pon bilan suhbatimiz cho‘zilgandan cho‘zildi. Qutlug‘murod akaning bu yerda O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan Markaziy Osiyo kobrasi, ko‘lvor ilon, sariq ilon ko‘p bo‘lishi haqidagi gapidan keyin biroz mizg‘ib olsammikan, degan fikrimdan qaytdim.
Quyosh tafti biroz susaydi, osmonda oppoq bulutlar paydo bo‘ldi. Dam olish nihoyalab, sekin dara bo‘ylab sayohatimni davom ettirdim.
Daraning narigi tomoniga ushbu mo‘’jaz ko‘prikdan o‘tishga to‘g‘ri keldi.
Qoyatoshlar bo‘ylab yurarkanman, bir paytlar bu yerda hayot qaynagani, san’at va madaniyat insonlarga zavq va shavq bag‘ishlaganini his etaman. Ko‘z oldimda namoyon bo‘lgan buqalar, to‘ng‘iz, tog‘ arxari va echkilari hamda kamonli ovchilar suratlari bu zamin aholisining aql-zakovatining teranligidan dalolat berib turibdi.
Quloqlarimga ovchilarning ov jarayonini boshlash arafasidagi qichqiriqlari, hayvonlarning har tomonga qarab chopayotgani eshitilganday bo‘ladi. Kim uchundir bu toshlar hech narsani anglatmas, ammo bilganim ajdodlarimiz o‘zlarining yuksak badiiy didi, mahorati va zakovati ila bu toshlarga jon baxshida etgandek.
Shu o‘rinda bir faktni keltirib o‘tishni joiz deb bildim. Bir qator olimlarning olib borgan izlanishlariga ko‘ra, yigirma kilometrdan oshiq darada 200 dan ortiq arxeologik maskan topilgan.
Qoyatoshlarga chizilgan rasmlarni o‘rganib borarkanman, bu yerning flora olami juda boy ekaniga guvoh bo‘ldim. Aytishlaricha, bu yerda 650 turdan ortiq noyob dorivor o‘simlik turlari mavjud ekan.
Atrof juda go‘zal. Qir-adirlar yashilga burkangan. Sarmishsoy darasiga bir necha kilometr ichkari kirib ketganimni oyoqlarimdagi charchoqdan sezdim. Quyosh sekin-asta botib, chor taraf sokinlikka cho‘ka boshlagan payt safarim o‘z yakuniga yetib borayotganini sezdim. Ortimga qaytarkanman sirli maskanga qayta-qayta tashrif buyurishni qalbimga tugdim.
Safarim davomida bir narsa xafsalamni pir qildi. Negadir Sarmishsoyda sayyohlar kam. Hozir ayni turizm mavsumi ekanligini inobatga olsak, bor yo‘g‘i 10-15 odamga ko‘zim tushdi, xolos. Ularning ham aksari shu yerlik aholi. Aslida, O‘zbekistonning qadim tarixidan so‘zlaguvchi bu maskan yurdoshlarimizu, xorijlik sayyohlar bilan to‘lib toshishi kerak emasmi. Internetni kovlaganimda asosan bir xil mazmundagi ensiklopedik ma’lumotlar va sanoqli maqolaga duch keldim. Menimcha bular juda-juda kam. O‘ylaymanki, kelgusida turizm sohasi xodimlari ushbu maskanga media-turlar tashkil etib, uning dovrug‘ini yanada quloch yoyishi, hududning eng qaynoq turistik markaziga aylanishida tashabbuslarni ilgari suradi.
Sarmishsoy darasi uzra yastanib yotgan tarix haqida bugun ko‘rgan, eshitgan hamda bilganlarimdan barcha xabardor bo‘lishlari uchun sayohatim bir sababchi bo‘la olishiga ishonaman.
Sarmishsoy haqidagi faktlar:
Insoniyatning ilk manzilgohlaridan biri sanalgan Sarmishsoy qoyatasvirlari miloddan avvalgi 4-1ming yillikka va undan keyingi davrlarga tegishli.
“Sarmish” tabiat bog‘i deb e’lon qilingan ushbu tarixiy merosning umumiy maydoni 5000 gektarni tashkil etadi.
Sarmishsoy 2009 yil 14 iyulda tabiiy arxeologik muzey kompleksi-qo‘riqxonasiga aylantirildi.
Sarmishsoy YUNESKOning Butunjahon madaniy meros ob’ekti ro‘yxatiga kiritilgan.
Bu yerda o‘simliklarning 62 oilaga mansub 650 turi uchraydi.
Bu majmua 1966 yildan beri olimlar tomonidan tadqiq etilmoqda.
Olimlar bu yerda odamlar paleolit davridan (300 ming yildan 15 ming yilgacha) yashay boshlagan, degan fikrni inkor etmaydi.
LiveBarchasi