Sariosiyo hokimi o‘rinbosari qamaldi

3-sahifa

image

Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumani hokimi o‘rinbosari 3 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.

Sud hujjatida yozilishicha, sudlanuvchi A.Q. 2020 yil 27 may kunidan 2025 yil 22 sentyabr kuniga qadar Sariosiyo tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan. Joriy yilning 5 fevral kuni u o‘zining xizmat xonasida tanishlari G.S. va S.D.ni qabul qilib, S.D. ni tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tarkibidagi davlat bog‘chalaridan biriga tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘lim mudiri T.O‘.ga topshiriq berish orqali ishga joylashtirib qo‘yishini aytib, ushbu ishni hal qilish uchun mansabdor shaxsga pora berishga dalolat qilib, tanishi G.S. vositachiligida 500 dollarni xizmat mavqeyidan foydalangan holda, firibgarlik yo‘li bilan olib, ushbu pul mablag‘larini shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.

Sudda u o‘ziga qo‘yilgan ayblovga qisman iqror bo‘lib, S.D. pulni qarz sifatida olib kelgani, uni pul evaziga ishga kiritishga va’da bermaganini ma’lum qilgan. U S.D. turmush o‘rtog‘ining uzoq qarindoshi bo‘lishi, o‘zining o‘g‘li avtohalokatga uchragani, avtomashinani ta’mirlash uchun pul kerak bo‘lib qolgani uchun undan ushbu pulni olgani va uni oila a’zolari orqali qaytarib berganini aytgan.

Hokim o‘rinbosari undan “Yangi hayot” mahallasiga ishga kirish masalasini so‘ragan S.D.ga: “Kirsang bo‘ladi, joy bo‘shaydi, bog‘cha mudirasi “dekret”ga chiqyapti”, deb aytgan.

S.D. va G.S. sudda tergovdagi ko‘rsatmasini o‘zgartirib, pulni hokim o‘rinbosariga qarz sifatida berishganini, A.Q. ishi bo‘yicha ulardan noqonuniy ravishda ariza, ko‘rsatuvlar olishganini, tergov organiga bergan ko‘rsatuvlarini hozirda rad qilishlarini bildirib, ko‘rsatuv bergan. Sud esa ushbu ikki guvohning sudda bergan ko‘rsatuvlarini javobgarlikdan qutulish uchun aytilganini bildirgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Sariosiyo tumani sudi tomonidan chiqarilgan hukmga ko‘ra, A.Q. Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) uchinchi qismi “v” bandi va 28, 211-moddasi (pora berish) birinchi qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi. U 2 yil 1 oy davlat hokimiyati tizimida mansabdor va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 3 yil 1 oyga qamaldi. Ushbu ishga aloqador bo‘lgan 500 dollarni esa S.D. dan davlat daromadiga undirish belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyati Jinoyat ishlari bo‘yicha Xonobod shahar sudi sobiq raisi Yunusjon Egamberdiyev firibgarlik va pora berish jinoyatida ayblanib, 10,5 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Surxondaryo firibgarlik hokim o'rinbosari Sariosiyo tumani pora berish sud ishi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing