Sardobaga yuborilgan yordamlar nega odamlar qo‘liga yetib bormay, yomg‘irda qoldi?
Jamiyat
−
15 may 2020
23206Ijtimoiy tarmoqlarda Sirdaryo viloyatidagi “Sardoba” suv omborining yorilishi va aholi uylarining suv ostida qolishi ortidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardan Sardobaga yordam yuklari yuborildi. Ulardan birlamchi zarur vositalardan tortib, yotoq anjomlari, bolalar va kattalar kiyim-kechaklari, oziq-ovqat va gigiyenik vositalar, idish-tovoqlar o‘rin oldi.
Ijtimoiy tarmoqlarda esa shu kunlarda yuborilgan tonnalab yordamlar haqiqiy ehtiyojmandlar qo‘liga yetib bormayotgani, rasmiylar ularni omborlarda saqlayotgani haqida murojaatlar tarqaldi. 14 may kuni esa internetda Sirdaryodagi oilalarga yordam sifatida aholi tomonidan yuborilgan buyumlar yer bilan bitta bo‘lib yotgani, yomg‘irda qolgani aks etgan surat tarqaldi va ushbu surat jamoatchilik, jumladan Sardobaga yordam aksiyasida ishtirok etgan ko‘ngillilarning e’tiroziga sabab bo‘ldi. Ushbu holat bo‘yicha Sirdaryo viloyati hokimligi rasmiy munosabat bildirdi. Unda shunday deyiladi:
“Bu holat Guliston shahri N.Zokirov ko‘chasi 1-uyda joylashgan vaqtinchalik omborxonada kuzatilgan bo‘lib, bu ombor “Sardoba” suv omborida favqulodda holat yuz berganligi munosabati bilan ko‘ngillilar tomonidan insonparvarlik yordami sifatida yuborilgan kiyim-bosh va boshqa uy-ro‘zg‘or buyumlarini qabul qilishga mo‘ljallangan.
Mazkur omborga yuborilgan buyumlar, avval Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash boshqarmasi hodimlari O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi tomonidan jalb etilgan faol yoshlar (volontyorlar) tomonidan ochiq maydonda saralanadi, shundan so‘ng epidemiologik xavfsizlikni ta’minlash yuqumli kasalliklar tarqashi ehtimolini kamaytirish maqsadida dezinfeksiya qilingan holda, turlariga qarab omborning yopiq qismiga joylashtiriladi.
Barchamizga ma’lumki, joriy yilning 13-14 may kunlari Guliston shahrida vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘ishi kuzatildi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan va odamlar ta’bini biroz xira qilishga sabab bo‘lgan holat, aynan ko‘ngillilar tomonidan yuborilgan buyumlarni yuk mashinalaridan tushurilib, saralash jarayoni ketayotgan bir vaqtda kuchli yomg‘ir yog‘gan.
Tabiiyki, bu holatga u yerda faoliyat yuritayotgan volontyorlar omborning yomg‘irdan panaroq qismida yomg‘ir tinishini kutib turishgan. Huddi shu vaziyatda noma’lum shaxs tomonidan suratga olinib, uning ijtimoiy tarmoqda tarqalishiga sabab bo‘lgan”.
Internetda tarqalgan e’tirozlarda Sardobaga yo‘llangan insonparvarlik yordamidan o‘rin olgan mahsulotlar va buyumlar ehtiyojmand oilalarga “propiska” asosida tarqatilayotgani aytilgan. Hokimlik ushbu e’tirozlarga ham tushunarsiz izoh berdi:
“Endi ushbu mahsulotlarning tarqatilishida “propiska” asosida tarqatilishi masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, yuqorida ta’kidlaganimizdek, avval saralanib, buyumlar dezinfeksiya qilinganidan so‘ng favqulodda vaziyatda zarar ko‘rgan hamda vaqtincha evakuatsiya qilingan aholiga yetkazilmoqda”.
LiveBarchasi