Sardoba toshqinidan jabr ko‘rganlarga uy ajratish bo‘yicha 724 ta murojaat rad etilgan
Jamiyat
−
28 yanvar 2021
4413Sardoba toshqinidan jabr ko‘rganlarga uy-joylar taqsimlanishida birinchi navbatda hujjatlarida muammosi bo‘lmagani uchun 1 430 ta xonadon egalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri berilgan. Bu haqda Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari O‘lmasjon Mamadaminov brifingda ma’lum qildi.
Mamadaminov Sardoba toshqinidan jabr ko‘rganlarni turar-joy bilan ta’minlashda yuzaga kelgan muammoli masalalarga izoh berdi.
“Ishchi guruhlar tomonidan uy-joylar taqsimlanishida birinchi navbatda hujjatlarida muammosi bo‘lmagani uchun 1 430 ta xonadon egalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri berilib, ko‘p qavatli uylarning 1-qavatiga birinchi navbatda oilasida nogironligi bo‘lgan bolalar yoki og‘ir nogironlikka olib keluvchi kasallikka chalingan bolalar, shuningdek I yoki II guruh nogironi bo‘lgan shaxslar va yolg‘iz pensionerlar joylashtirildi.
Muammo va kamchiliklari bo‘lgan 724 ta hujjatlar Xalq deputatlari tuman Kengashlari sessiyalarida ko‘rib chiqilib, sessiya qarorlariga asosan uy ajratilishi rad etildi”, degan Mamadaminov.
Ta’kidlanishicha, o‘rganishlar natijasida 187 tasini — yashaydigan uyi bo‘lgani uchun, 232 ta xonadonga tegishli uylar — Qurilish nazorat inspeksiyasi tomonidan yaroqli deb topilgani, 4 ta xonadon — noturar joy bo‘lgani, 3 ta xonadon — qurilish qilish mumkin bo‘lmagan joyda qurilgani va 298 ta xonadon — qurilishi yakunlanmagan (faqat poydevori bo‘lgan yoki 2-3 qator g‘isht ko‘tarilgan), kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish uchun qurilgan vaqtinchalik uylar (vremyanka) ekanligi aniqlandi.
Avvalroq, Toshqin oqibatida uy-joylariga jiddiy zarar yetgan fuqarolar uchun jami 52,5 ga yer maydonlari tanlanib, 2 640 ta xonadonli 86 ta ko‘p qavatli turar joy qurilgani, mazkur ko‘p qavatli uylarning narxi shartnoma bo‘yicha 855,4 mlrd. so‘m bo‘lgani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi