Saraton sabab oyoqlari kesilgan bloger 21 yoshida vafot etdi
Olam
−
24 Sentabr 2019
8850Turkiyalik taniqli bloger Neslijan Tay 21 yoshida saraton xastaligi sabab vafot etdi. Uning vafoti mamlakat rasmiylari tomonidan ham qayg‘u bilan qarshilandi.
Neslijan Tay 2017 yil qishlarida oyog‘ida og‘riqlar seza boshlaydi. Bir necha bor shifokorlarga murojaat qiladi. Doimiy ravishda sport bilan shug‘ullanib kelgan 18 yashar Tayga shifokorlar shunchaki pay cho‘zilishi bilan bog‘liq tashxis qo‘yadilar. Mart oyiga kelib tekshiruv natijalari uning saraton xastaligiga chalinganini isbotlaydi.
O‘sha yili Neslijan universitetga kirish fikridan ham qaytadi. To‘g‘rirog‘i, xastalik, davolanish bunga imkon bermaydi. O‘sha yilning o‘zida besh marta kimyo terapiyasini boshdan kechiradi. Afsuski, o‘zgarish yaxshi tarafga bo‘lmaydi. Shifokorlar uning chap oyog‘ini kesish orqali xastalikdan butkul qutilish yo‘lini tanlaydilar.
U o‘zining YouTube’ga joylashtirgan videolaridan birida shunday deydi:
“Operatsiyadan chiqqanimda o‘zimni hamma narsasini boy bergan kishidek his qildim. Oyog‘imni, sochlarimni yo‘qotdim. Eng yomoni saratonning yana qaytmasligiga kafolat yo‘q edi. Tengdoshlarim universitetda o‘qishni boshlarkan, men shifoxonadan bir qora xaltaga kesilgan oyog‘imni solib uyga qaytardim. Ammo, yashashda davom etishim kerak maqsadni qo‘ydim.
Operatsiyadan 14 kun o‘tib uyda siqilishni boshladim. Men bunday yashay olmayman. Men hayotni boricha yashab o‘tishga, undan zavqlanishga boshqalar kabi haqliman dedim va pardoz qilib do‘konga bordim. U yerda ilk bor oyog‘im kesilgan holatda suratga tushdim. Bundan maqsad atrofimdagi do‘stlarim, yaqinlarimga holatni bildirish edi. Chunki ko‘pchilik saratonga chalinganimni bilsada, uning bu qadar jiddiy va tahlikali ekanini farqlamasdi. Keyinroq, suratlarim va videolarim ostiga saraton, uning turli bosqichlari haqida bilganlarim va boshimdan kechirganlarimni yozishni boshladim. Men suratlarim va yozganlarim bilan odamlarni bu qadar o‘zimga jalb qilaman deb o‘ymagan edim. Bu meni jasoratlantirdi va hayotga qaytardi. Va men olti oydan keyin yana saratonga chalinganimni bildim. Bu men va oilam, ayniqsa, onam uchun juda yomon xabar edi. Oyog‘imdan ayrilganimda, hammasi tugadi, saratondan qutildim, deb o‘ylagandim. Afsuski, unday bo‘lib chiqmadi. Va dekabrda yana operatsiya qilishdi.
Men baribir yashashdan charchamadim. Kurashdim. 2018 yilning iyun oyida esa hayot yana bir “sovg‘a”ni ulashdi. Menda yana saraton aniqlandi. Bu safar esa operatsiya foydasiz edi. O‘sha kecha tuni bilan yig‘ladim.
Saratonning ayrim turlari odamlarga imkon beradi. Juda bo‘lmasa 5 yil, 3 yil yashash imkoni bor. Men esa har olti oyda u bilan yuzma-yuz keldim. Saraton men bilan qancha qasdlashmasin, men ham unga bo‘sh kelmaslikka, yengilmaslikka so‘z berdim.
Hayot menga bu qadar sinovlarni berarkan, men universitetga kirishni yana kechiktirishni to‘g‘ri deb bilmadim. Hali qaddimni tutib turishni eplolmay turib, imtihonlarga bordim va universitetga o‘qishga qabul qilindim. Istanbulga kelib joylashdim, bir vaqtning o‘zi muolajalar davom etdi”.
2018 yilning dekabr oyidan Neslijan YouTube’ga ilk videosini joylashtiradi va bu video millionlab kuzatuvchilar tomonidan tomosha qilinadi. Ayni vaqtda uning doimiy obunachilari 300 mingdan ortgan.
Neslijan Tay saraton bilan umrining oxiriga qadar kurashdi. Kuni kecha u yana shifoxonaga yotqizildi. Olib borilgan muolajalar natija bermadi. U 20 sentyabr oqshomida vafot etdi. Uning vafotidan keyin eng so‘nggi videosi e’lon qilindi. Unda bloger saratondan qutilmasligi va hayotga qaytmasligini bir kun ham o‘ylamagani, faqat va faqat u bilan kurashgani va hayotdan zavqlanib yashashga harakat qilganini aytadi.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda ijtimoiy tarmoqlar orqali tanilgan Buyuk Britaniyalik 49 yashar bloger Samanta Last ham saratonga chalinganini xabar qilgan edik.
LiveBarchasi