San Jay ustidan shikoyat hujjatlari sudga oshirildi

Madaniyat-san’at

image

Xonanda San Jay O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayevning “Gulbadan”, “Karvon” va “Atirgulim atringni soch” nomli qo‘shiqlarini muallifning ruxsatisiz ijro etgani uchun javobgarlikka tortilib, qonun oldida javob berishi mumkin. Ayni vaqtda ushbu masala bo‘yicha hujjatlar sudga oshirilgan. Bu haqda Intellektual mulk agentligi xabar berdi. 

Qayd etilishicha, Agentlikka San Jay  taxallusi bilan ijod qiluvchi xonanda Sanjar Javberdiyev “Gulbadan”, “Atirgulim atringni soch”, “Karvon” nomli qo‘shiq va she’rlarni  mualliflarning roziligisiz, asar yaxlitligini buzgan holda ijro etgani sababli O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligiga ariza kelib tushgan. 

Ma’lum bo‘lishicha, xonanda Sanjar Javberdiyev (San Jay  ) qo‘shiq muallifi O‘zbekiston halq artisti Sherali Jo‘rayev hamda she’rlar muallifi O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azimovdan hech qanday rozilik olmasdan va ular bilan shartnoma tuzmasdan qo‘shiq aslini o‘zgartirgan holda ijro etib kelgan. 

Bu esa O‘zbekiston Respublikasi Mualliflik va turdosh huquqlarni himoya qilish jamiyatining O‘zbekiston halq artisti Sherali Jo‘rayev va muallif Usmon Azimovning ishonchli vakili sifatida xonanda Sanjar Javberdiyev “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi Qonunni buzganligi uchun chora ko‘rish yuzasidan ariza bilan murojaat qilishiga sabab bo‘lgan. 

Ma’lumot o‘rnida, “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 18-moddasiga ko‘ra, asar (qo‘shiq)ni omma oldida ijro etish yoki undan boshqacha tarzda foydalanishda asarning o‘ziga, nomiga va muallifning ismi-sharifi ko‘rsatilishiga biron-bir o‘zgartish kiritishga faqat muallifning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi. 

“Ammo bizning holatimizda buning aksi bo‘lgani tufayli qo‘shiqlarga bo‘lgan mualliflik huquqi jiddiy ravishda buzilgan. Natijada O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 177(1)-moddasining birinchi qismida belgilangan asarlardan yoki turdosh huquqlar ob’ektlaridan qonunga xilof ravishda foydalanish, xuddi shuningdek asarlarning yoki turdosh huquqlar ob’ektlarining kontrafakt nusxalarini takrorlash, tarqatish holatlari mavjud deb hisoblanib, unga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirildi va tegishliligi bo‘yicha sudga yuborildi”, deyiladi Agentlik bayonotida.


Maqola muallifi

Teglar

San Jay

Baholaganlar

443

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing