Musulmonlar Falastinni aldadimi?

Tahlil

“Maqsadi qotillik”, “uyushgan terrorizm” deya nomlangan Isroilning Falastinga hujumi, O‘zbekistondan tibbiy, Qirg‘izistondan gumanitar yordam taklifi, Tojikiston rahbarining Birlashgan Millatlar tashkilotiga qarata aytgan ochiqcha tanqidi, Turkiyaning doimiy bayonotlari bilan Ar-Riyodda navbatdan tashqari Arab-islom sammiti bo‘lib o‘tdi.

Joriy yilning 10-11 noyabr kunlari Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida navbatdan tashqari arab-islom sammiti o‘tkazildi.

Saudiya Arabistoni raisligida o‘tgan mazkur tadbirda Yaqin Sharq, Markaziy va Janubiy Osiyo, Afrika qit’asining yetakchi mamlakatlarining davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etdi.

Masalan, Falastin Prezidenti Mahmud Abbos, Livan Bosh vaziri Najib Mikati, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Tojikiston rahbari Imomali Rahmon, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Nigeriya Prezidenti Bola Tinubu, Eronning birinchi vitse-prezidenti Muhammad Rizo Orif, Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif, Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu, Arab Ligasi bosh kotibi Ahmad Aboul Gheit va boshqalar.

Sammitda kun tartibiga muvofiq, xalqaro hamjamiyatning G‘azo va Livandagi keskinlikni kamaytirish, yuzaga kelayotgan vaziyatni tez fursatda siyosiy yo‘l bilan hal etishga qaratilgan sa’y-harakatlarini birlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Saudiya Arabistoni

Tadbirga mezbonlik qilayotgan Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon sammit ochilishida Isroildan G‘azo va Livandagi harbiy tajovuzni zudlik bilan to‘xtatishni talab qildi.

11 noyabr kuni Arab Ligasi va Islom Hamkorlik Tashkilotining (IHT) qo‘shma sammiti oldidan qilgan chiqishida “qora shahzoda” “Falastin va Livan xalqiga qarshi sodir etilgan qirg‘inni” qoraladi. Butun dunyo davlatlarini esa Falastin davlatchiligini tan olishga chaqirdi.

Muhammad bin Salmonning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro hamjamiyat “mas’uliyatni o‘z zimmasiga olib”, Isroil “genotsidi”ni to‘xtatish uchun “hozir harakat qilishi” kerak. Uning aytishicha, Saudiya Qirolligi “ham Falastin, ham Livan xalqini qo‘llab-quvvatlashda davom etadi.

Arab Ligasi bosh kotibi Ahmad Abul G‘ayt ham Saudiya valiahdining fikrlariga qo‘shilib, Isroilning G‘azo va Livandagi harbiy amaliyotini qoraladi. Uning aytishicha, Falastin xalqining og‘ir ahvolini so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi.

“Isroilning Falastin xalqiga qarshi qilgan harakatlari mustahkam tinchlikka erishish yo‘lidagi sa’y-harakatlarga putur yetkazmoqda. Adolat bilangina mustahkam tinchlik o‘rnatishimiz mumkin”,  dedi Abul G‘ayt.

Tashkilot Yaqin Sharq mintaqasidagi inqirozga chek qo‘yish uchun, birinchi navbatda, keskinlikni yanada kuchaytirmasdan, mojaro tarqalishining oldini olish zarurligini ta’kidlamoqda. Shu munosabat bilan uchrashuvda Ahmad Abul G‘ayt zudlik bilan Iroq, Suriya va Eronning hududiy suverenitetini saqlab qolish ustida ishlash kerakligini bildirdi.

Saudiya shahzodasi Muhammad bin Salmon uning gaplarini tasdiqlab, yonginasida o‘tirgan Eron vakilini qo‘llab, Eron suverenitetini hurmat qilishga va uning hududiga hujum qilmaslikka chaqirdi.

Bugun Falastin hududidan Livangacha ko‘chgan urush, mamlakatning Bosh vaziri Najib Mikatini ham sammitga yetaklagan. U Isroil “Hizbulloh”ga qarshi urush olib borayotgani bahonasi bilan uning mamlakatiga “misli ko‘rilmagan” zarar yetkazayotgani va uning suverenitetiga tahdid solayotganini bildirdi.

“Livan misli ko‘rilmagan tarixiy va ekzistensial inqirozni boshidan kechirmoqda, bu uning buguni va kelajagiga tahdid soladi”, dedi u.

Isroil bilan doimiy ravishda ixtilofga borib yuradigan Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon mamlakatining dolzarb muammolari tufayli yig‘ilishda qatnashmadi. Ammo uning o‘rniga sammitga kelgan Eronning birinchi vitse-prezidenti Muhammad Rizo Orif sammitdagi nutqida Isroilning HAMAS va “Hizbulloh” yetakchilariga suiqasdlarini qoralab, buni “uyushgan terrorizm” deb atadi.

“Maqsadli qotillik” degan aldamchi iboralar bilan konsepsiyalashtirilgan amaliyotlar davomida Falastin elitasi va mintaqadagi boshqa davlatlar rahbarlari birin-ketin yoki ommaviy ravishda o‘ldirilishi qonunsizlik va uyushgan terrorizmdan boshqa narsa emas”, dedi u.

Eron vitse-prezidenti Muhammad Orifga ko‘ra, “G‘azo sektori va Livanda o‘t ochishni to‘xtatish mutlaqo zarur” va xalqaro hamjamiyat “urushni tugatish uchun qat’iy pozitsiyani egallashi” kerak.

Ammo Falastin xalqaro hamjamiyat va arab-islom olamidan bundan ko‘prog‘ini kutmoqda. Mamlakat Prezidenti Mahmud Abbos xalqaro huquqni buzgani uchun Isroilning Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zoligini to‘xtatib qo‘yishga chaqirdi. Uning o‘rniga Falastin tashkilotga to‘liq a’zo bo‘lishi kerak va buni barcha davlatlar qo‘llab-quvvatlab turishi lozim.

Abbosning so‘zlariga ko‘ra, Isroilning Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaqin Sharqdagi Falastinlik qochqinlarga yordam va ishlar agentligi faoliyatini taqiqlash haqidagi qarori “falokat”.

Shuningdek, Falastin Prezidenti Isroilning G‘azo sektoridan chiqib ketishga majbur qilish bo‘yicha rezolyutsiyasini amalga oshirishga chaqirdi. U o‘z nutqi davomida dunyoning barcha davlatlarini Isroil bilan munosabatlarini qayta ko‘rib chiqishga chaqirib, xalqaro hamjamiyatdan Isroilga qarshi sanksiyalar joriy etishni so‘radi. Ammo uning bu so‘rovi sammitda o‘tirgan biron davlat tomonidan aniq qo‘llab-quvvatlanmadi.

Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy arab va islom davlatlari sammitidagi nutqida Isroilning G‘azo sektori, G‘arbiy Sohil va Livanga qarshi tajovuzlari xalqaro sukunat sharoitida bir yildan ortiq davom etayotganini eslatdi.

As-Sisi, Falastinni yo‘q qilishga qaratilgan har qanday rejaga qarshi ekanligini ta’kidlab, xavfsizlik va barqarorlikni amalga oshirishning zaruriy sharti 1967 yilgi chegaralar ichida poytaxti Quddus bo‘lgan Falastin davlatini tashkil etish ekanini ma’lum qildi.

Iordaniya qiroli Abdulloh II, sionistik rejimning G‘azo sektorida falastinliklarga qarshi sodir etgan jinoyatlariga ishora qilib, xalqaro hamjamiyatning G‘azo sektorida insoniy falokatning oldini olish uchun jiddiy va qat’iy pozitsiyani egallashga chaqirdi.

Iordaniya qiroli:

“G‘azo sektori blokadasini olib tashlash, G‘arbiy Sohilda hujumlarning kuchayishini to‘xtatish, Livan suverenitetini qo‘llab-quvvatlash va bu davlatga qarshi urushni to‘xtatish bo‘yicha sa’y-harakatlarimizni zudlik bilan kuchaytirishimiz kerak”, deb ta’kidlagan.

Jiddiylik talab qilingan bunday bayonotlarni esa Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an davom ettirdi. U Ar-Riyoddagi yig‘ilishda so‘zlagan nutqida: “Sionistik rejim bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning idorasi bir tomondan, Eron bilan munosabatlarda harbiy taranglikni kuchaytirishga harakat qilayotgani va boshqa tomondan, u Livanga hujumlarini davom ettirayotgani salbiy oqibatlarga olib kelishini bildirdi.

“Falastindagi genotsid jinoyatchilariga qarshi kurashda sa’y-harakatlarimizni davom ettirish muhim va shu nuqtai nazardan, Isroilga qurol embargosi ​​va u bilan savdoning oldini olish juda muhimdir”.

Falastin xalqi uchun eng aniq takliflar Markaziy Osiyo davlatlari tilidan ham yangradi. Masalan, O‘zbekiston rahbari global siyosat kun tartibidagi eng o‘tkir va og‘riqli masala – Falastin muammosiga bag‘ishlangan sammitni tashkil etgani uchun Ikki muqaddas masjid xodimi, Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud hamda Valiahd Muhammad bin Salmon Ol Saudga alohida minnatdorlik bildirar ekan, urushda jabrlangan falastinlik bolalar va ayollarni O‘zbekiston shifoxonalarida beg‘araz davolashga tayyor ekanini ta’kidladi.

Falastin xalqiga amaliy yordam ko‘rsatish masalalarini kelgusi yili Samarqandda o‘tadigan “Ko‘rfaz arab davlatlari – Markaziy Osiyo” sammitida ham muhokama qilish niyati bildirildi.

Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov ham begunoh fuqarolar, jumladan, bolalar, o‘smirlar va ayollarning o‘ldirilishi xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qoralanishi kerakligini ta’kidladi. U Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi va Bosh Assambleyasini xalqaro hamjamiyat nomidan zo‘ravonliklarni to‘xtatish va mojaroni hal qilish uchun qat’iy choralar ko‘rishga chaqirdi va agar gumanitar yo‘laklar ochilsa, Qirg‘iziston insonparvarlik yordamlari ko‘rsatishga tayyor ekanini bayon qildi.

Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon Falastin muammosini haqiqiy hal etish va mintaqada adolatli va mustahkam tinchlikni ta’minlash faqat BMTning mustaqil va suveren Falastin davlatini yaratish to‘g‘risidagi rezolyutsiyalarini amalga oshirish orqali bo‘lishini qat’iy ta’kidladi va bunda Tojikiston 1967 yilgi chegaralar asosida poytaxti Sharqiy Quddusda bo‘lgan Falastin davlatini yaratish tarafdori ekanini bildirdi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, ikki tomonlama pozitsiyani egallagan ba’zi tomonlar sukut saqlamoqda va G‘azo sektorida davom etayotgan insonparvarlik fojiasiga e’tibor bermayapti.

Rahmonning aytishicha, hozirgi bosqichda Tashkilotga a’zo davlatlar maqsadli gumanitar reja asosida Falastin xalqiga zarur va shoshilinch yordam ko‘rsatish bo‘yicha samarali choralar ko‘rishi zarur. Tojikiston esa imkon darajasida bu ishga hissa qo‘shgan va kelajakda ham hissa qo‘shadi.

Asosiy sammitdan so‘ng Islom hamkorlik tashkiloti va Arab davlatlari ligasi tashqi ishlar vazirlarining yig‘ilishi ham bo‘lib o‘tgan. Unda ham yuqorida tilga olingan gaplardan kam bo‘lmagan gaplar aytildi, Isroilning tajovuzkorona xatti-harakatlari qoralandi. Masalan, Eron Tashqi ishlar vazirining huquqiy va xalqaro masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Kazem G‘aribobodiy Isroil rejimining himoyasizlarga qarshi jinoyatlarini davom ettirishda AQSH va G‘arb davlatlarining har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini qoralagan. U sionistik rejim “G‘arbning noqonuniy bolasi” sifatida har qanday javobgarlikdan ozod qilinganini va bunday vaziyatda Falastin xalqi o‘zini ishg‘oldan himoya qilish va tajovuzga qarshi turishga to‘liq va qonuniy huquqqa ega ekanligini ta’kidladi.

Ammo biror davlat na Isroilga qo‘llanilajak sanksiyalar borasida va na uni Birlashgan Millatlar Tashkilotidan chiqarib yuborish borasida aniq rozilik izhor qilmadi. Bu esa ko‘plab nashrlar va siyosatshunoslar tomonidan Ar-Riyodda bo‘lib o‘tgan sammitning “quruq gaplardan iborat sammit”, “doimiy bayonotlar takrori” deya nom olishiga sabab bo‘ldi.

Masalan, Al Jazeera nashri sammit Qohirada joylashgan Arab Ligasi va Jiddada joylashgan Islom Hamkorlik Tashkiloti a’zolarining Ar-Riyodda o‘tgan shunga o‘xshash yig‘ilishidan bir yil o‘tib o‘tkazilgan bo‘lsa-da, aytarli o‘zgarish bo‘lmaganini yozib chiqdi.

“Mamlakat bilan iqtisodiy va diplomatik aloqalarni uzish yoki neft ta’minotini to‘xtatish chaqiriqlariga qaramay, yetakchilar Isroilga qarshi chora ko‘rish borasida kelisha olmadi”.

Xalqaro inqiroz guruhi tahliliy markazining Fors ko‘rfazi bo‘yicha katta tahlilchisi Anna Jeykobs esa o‘tgan haftada Donald Trampning AQSH prezidentligiga saylanishi va uning Oq uyda kutilayotgan ikkinchi muddati – Ar-Riyoddagi yetakchilarni o‘ylantirsa kerak, degan fikrda.

“Ushbu sammit mintaqa yetakchilari uchun Tramp ma’muriyatiga AQSHning ishtiroki bo‘yicha nimani xohlashlarini bildirishlari uchun juda katta imkoniyatdir. Xabar dialog, vaziyatni yumshatish va Isroilning mintaqadagi harbiy kampaniyalarini chaqirishdan biri bo‘lishi mumkin”, degan u AFP axborot agentligiga.

Shunday ekan, xo‘sh, bu sammit Falastinga nima berdi? Sammitning yakuniy bayonotida BMT rezolyutsiyalari va 2002 yildagi Arab tinchlik tashabbusiga ishora qilingan, 1967 yildan oldingi chegaralarga qaytishga chaqirilgan, 38 banddan iborat rezolyutsiya qabul qilindi.

57 davlat yetakchilari poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan suveren Falastin davlati zudlik bilan zarurligini ta’kidlab, bunga erishish uchun aniq qadamlar va muddatlarni o‘z ichiga olgan xalqaro homiylik rejasini ishlab chiqishga kelishdi.

“1967 yil 4 iyunda Sharqiy Al-Quds poytaxti bo‘lgan Falastin erining birligi va Falastin davlatining suvereniteti va Falastin Ozodlik Tashkiloti Falastin xalqining yagona qonuniy vakili ekanligini yana bir bor tasdiqladi”.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing