SamDU o‘qituvchisi $4 000 pora bilan qo‘lga tushdi
3-sahifa
−
17 iyun 2022
8356Fuqaroni “O‘zbekiston-Finlyandiya” pedagogika institutiga 4 000 AQSH dollari evaziga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan Samarqand davlat universiti o‘qituvchisi ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, Samarqand davlat universiteti o‘qituvchisi S.M. fuqaro N.ni 4 000 AQSH dollari evaziga ushbu universitet qoshidagi “O‘zbekiston-Finlyandiya” pedagogika institutiga “Tasviriy san’at va chizmachilik” yo‘nalishiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan.
S.M. fuqarodan kelishilgan puldan 2 000 AQSH dollarini joriy yilning 7 iyun kuni olib, qolgan 2 000 AQSH dollarini olayotganida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shundan so‘ng, S.M. o‘z aybiga iqror bo‘lib, N.dan olgan 2 000 AQSH dollarini qaytargani protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Shuningdek, Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro U.M. va O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti talabasi N.R. fuqaro D.ni tanishlari yordamida ushbu universitetga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 3 500 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Xuddi shu kabi, Andijon viloyati Bo‘ston tumani Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumi direktori A.A. o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, fuqaro O.ni o‘zi rahbarlik qilib kelayotgan texnikumga o‘qishga kiritib qo‘yishi evaziga 300 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
LiveBarchasi