Samarqanddagi qator tuman va shaharlarning chegaralari o‘zgaradi

Jamiyat

image

Bugun, 22 fevral kuni bo‘lib o‘tgan Senatning yalpi majlisida Samarqand viloyatining Samarqand shahri, Samarqand va Oqdaryo tumanlarining chegaralarini o‘zgartirish masalasi ko‘rib chiqildi va ma’qullandi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, “Samarqand shahrida “Shirin” zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turar joylar kompleksini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga ko‘ra, Samarqand shahridan o‘tgan Zarafshon daryosi qirg‘og‘i bo‘ylab 15 km uzunlikdagi masofada qiymati 10 mlrd dollarlik “Shirin” zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turar joylar kompleksini barpo etish reja qilingan.

Majlis davomida ko‘rib chiqilgan masalada viloyatning Oqdaryo tumanidan 243 gektar, Samarqand tumanidan 170 gektar, jami 413 gektar yer maydoni Samarqand shahri tarkibiga o‘tkazilishi nazarda tutilgan.

“Natijada amaldagi 252 gektardan iborat “Shirin” mavzesi hududi kengaytirilib, jami 665 gektar maydonni tashkil etadi”, deyiladi xabarda. 

Shu bilan birga, tasdiqlangan reja bo‘yicha Samarqandda 180 ming aholiga mo‘ljallangan jami 60 mingta xonadondan iborat 254 ta ko‘p qavatli uylar, 45 ta ijtimoiy soha ob’ekti qurilishi rejalashtirilgan va ushbu qurilish ishlari 3 ta bosqichda olib boriladi.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning 13 mart kuni xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashi tomonidan qabul qilingan qarorga ko‘ra, Toshkent viloyati hududidan 19 729,41 gektar yer maydonlari Toshkent shahrining Yangi Toshkent tumani tarkibiga o‘tkazilgandi. 22 avgust kuni esa Yuqori Chirchiq tumani hududidan Yangi Toshkentni barpo etish uchun yana umumiy hisobda 158,67 gektar yer maydoni ajratildi. Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayevning 2024 yilning 22 oktyabrdagi tegishli qarori bilan  Yuqori Chirchiq tumanidagi 110,4 gektar yer maydoni davlat zaxirasiga qaytarilgan hamda uning toifasi o‘zgartirilgan, doimiy foydalanish uchun “Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi”ga ajratib berilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Samarqand chegara Senat Shirin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing