Samarqandda yetim bolani kaltaklaganlarga sud hukmi o‘qildi
Jamiyat
−
01 noyabr 2019
7836Kuni kecha samarqandlik 18 yashar otasiz bola o‘z qarindoshlari tomonidan kaltaklangani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda yashin tezligida tarqalgan edi. Joriy yilning avgust oyida sodir bo‘lgan ushbu voqea bo‘yicha kecha, 31 oktyabr kuni Samarqand shahar ma’muriy sudining ochiq sud majlisi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur ish yuzasidan bo‘lib o‘tgan sud majlisida U.H.ni kaltaklagan H.I. va I.Z.ga nisbatan ma’muriy ish ko‘rib chiqildi. Sud majlisida huquqbuzar H.I. o‘z aybini tan olib, sodir qilgan qilmishidan pushaymonligini, qonuniy yengillik berishlarini so‘ragan.
Sudning qaroriga ko‘ra, H.I. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183, 195 va 194-moddasi (“Mayda bezorilik”, “Ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish” hamda “Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik”) 1-qismida ko‘rsatilgan ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topilib, 12 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Huquqbuzar I.Z.ga nisbatan esa 11 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Eslatib o‘tamiz, Samarqand shahar Ziyokorlar ko‘chasida yashovchi 2001 yilda tug‘ilgan fuqaro U.H. onasini nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilib, gaplariga quloq solmasdan, alkogol va tamaki mahsulotlarini istemol qilishga ruju qo‘ygan. Shu sababli U.H.ning onasi qarindoshi 1988 yilda tug‘ilgan fuqaro I.H.ga o‘g‘lini tarbiyalash va to‘g‘ri yo‘lga solib qo‘yishni so‘ragan.
I.H. qarindoshi U.H.ni Spitamenshox ko‘chasida joylashgan temirchilik ustaxonasiga olib borib, u yerda ukasi 1997 yilda tug‘ilgan fuqaro I.I. bilan birgalikda turli jismlar ya’ni, velosiped g‘ildiragining charmi va arqon bilan urib do‘pposlagan.
I.I. o‘zi bilan birgalikda ustaxonada ishlovchi 2004 yilda tug‘ilgan S.B.ga ushbu holatni videotasvirga olishini aytgan.
Mazkur videoni 2019 yilning oktyabr oyida 1983 yilda tug‘ilgan fuqaro F.K. videotasvirdagi qonunbuzarlarga nisbatan chora ko‘rilishi uchun Feysbuk ijtimoiy tarmog‘ida tarqatib yuborgan.