Samarqandda o‘quvchi va o‘qituvchilar o‘z xohishi bilan maktab hovlisida ishlagan bo‘lib chiqdi
Jamiyat
−
11 Sentabr
5121Avvalroq, Samarqand viloyati Payariq tumanidagi 75-umumta’lim maktabida o‘quvchilar majburiy mehnatga jalb qilingani haqida xabar tarqalgan, mazkur holatga viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi munosabat bildirar ekan, voqea aks etgan video haqiqatdan ham ushbu maktabda tasvirga olinganini tasdiqlagandi.
Bugun, 11 sentyabr kuni boshqarma videodagi ketmon bilan yer chopayotgan maktab o‘quvchilarining majburiy ishga jalb etilganini rad etib chiqdi.
Boshqarmaning qayd etishicha, tuman Maktabgacha va maktab ta’lim bo‘limi va hamkor tashkilot xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan holat o‘rganilganda, o‘quvchilarning maktab hovlisidagi yerga ishlov berayotgan tasvirlari 2024 yilning 19 aprel kuni maktabning 9-"B" sinf (o‘sha paytdagi 8-"B"sinf) o‘quvchilari texnologiya darsida “Kasbim faxrim” to‘garagi mashg‘ulotlarining “Gulchilik kasbi, issiqxona gullari va dala gullari”mavzusidagi dars doirasida o‘z xohishlari bilan ushbu mikro uchastkaga gul ekmoqchi bo‘lganida olingani ma’lum bo‘lgan.
Bundan tashqari, boshqarma pedagoglarning maktab hovlisida obodonlashtirish ishlari bilan shug‘ullanayotganliklari tasvirlangan videolavha joriy yilning 8 avgust kuni olinganini ma’lum qildi.
Bildirilishicha, joriy yilning 7 avgust kuni maktabda navbatdan tashqari Pedagogik kengashi yig‘ilishi o‘tkazilgan va yig‘ilishda maktab direktori tomonidan obodonlashtirish ishlarida xodimlarning yordam berishi taklifi kiritilgan. Obodonlashtirish ishlarida maktabdagi 50 nafar o‘qituvchidan 12 nafari o‘z xohishlariga ko‘ra ishtirok etgan.
“Ayni paytda holatni tasvirga olib, g‘arazli maqsadlarda ijtimoiy tarmoqlarga tarqatgan fuqaroni aniqlash va unga qonun doirasida choralar ko‘rish yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.