Samarqandda sudya pora bilan ushlandi
3-sahifa
−
06 mart 8467 2 daqiqa
Samarqand viloyating Pastdarg‘om tumanida sudya pora bilan qo‘lga tushdi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur tuman sudining 2022 yildagi hal qiluv qaroriga asosan, 1989 yilda tug‘ilgan ayolning 4 yoshli farzandi voyaga yetguniga qadar javobgar hisoblangan 1983 yilda tug‘ilgan fuqarodan aliment undirish belgilangan. Ammo javobgar tomon ushbu qarorni yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risida FIB Pastdarg‘om tuman sudiga ariza bilan murojaat qilgan.
Sudya esa o‘z ish yurituviga kelib tushgan ushbu arizaga asosan, joriy yilning 27 fevral kuni sudning 2022 yildagi hal qiluv qarorini bekor qilib, ishni mazmunan qayta ko‘rishni 11 mart kuniga tayinlagan.
Shuningdek, u ishni da’vogarning foydasiga ijobiy hal etib berish evaziga undan 300 AQSH dollari talab qilgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda, FIB Pastdarg‘om tuman sudining sudyasi 300 AQSH dollari miqdorida pora olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda ushbu holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari boshlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Davlat xavfsizlik xizmati va boshqa huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda dehqon bozorlarining mansabdor shaxslari auksion orqali sotilishi kerak bo‘lgan savdo nuqtalarini shaxsiy moddiy manfaatdorlik evaziga, fuqarolarga noqonuniy ravishda sotish bilan shug‘ullanib kelayotganlik holatlari aniqlangani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi