Samarqandda stomatologik hab tashkil etiladi: tibbiy ta’lim, klinik amaliyot va xalqaro hamkorlik 

Biznes

−

image

Bugungi kunda mamlakatimizda sog‘liqni saqlash va tibbiy ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlarni hududlarda rivojlantirish hamda tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining xalqaro raqobatbardoshligini oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda. 

Mazkur yo‘nalishdagi muhim loyihalardan biri – Samarqandda zamonaviy stomatologik xizmat, ta’lim va ilmiy faoliyatni yagona platformada birlashtiruvchi Stomatologik Hab (Dental Hub)ni tashkil etishdir. Loyiha zamonaviy diagnostika va davolash texnologiyalarini joriy etish, klinik amaliyotni rivojlantirish, mutaxassislar malakasini oshirish hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan. 

Ushbu loyihani amaliy jihatdan yo‘lga qo‘yish hamda stomatologik ta’lim va xizmatni modernizatsiya qilish maqsadida joriy yilning 9–10 oktyabr kunlari Samarqand davlat tibbiyot universitetida “Craniofacial Consilium” xalqaro ilmiy-amaliy kongressi o‘tkazildi. Anjumanda dunyoning 10 dan ortiq davlatidan 700 dan ziyod yetakchi mutaxassislar ishtirok etdi.

Kongressda Avstraliya, Shveysariya, Finlandiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Turkiya, Malayziya va Yevropaning qator davlatlaridan olimlar hamda tibbiyot mutaxassislarining ishtirok etishi kraniofasial tibbiyot, stomatologiya va rekonstruktiv jarrohlik yo‘nalishlarida xalqaro ilmiy almashinuv uchun keng imkoniyat yaratdi. 

Anjuman doirasidagi muloqotlar, ilmiy taqdimotlar va amaliy mashg‘ulotlar mahalliy mutaxassislarning xorijiy ekspertlar bilan tajriba almashishi, yangi klinik yondashuvlarni muhokama qilishi va zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga joriy etish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi. 

Stomatologik Habning asosiy yo‘nalishlaridan biri – zamonaviy raqamli texnologiyalarni klinik amaliyotga integratsiya qilishdir. Loyiha doirasida 3D texnologiyalar, virtual rejalashtirish va yuqori aniqlikdagi jarrohlik navigatsiyasi kabi zamonaviy yechimlardan foydalanish ko‘zda tutilmoqda.

Ushbu texnologiyalar murakkab klinik holatlarni diagnostika qilish, davolashni oldindan rejalashtirish va jarrohlik amaliyotlarining aniqligini oshirish imkonini beradi. 

Bunday yondashuvning muhim jihati shundaki, murakkab kraniofasial patologiyalar va stomatologik kasalliklarni davolash bo‘yicha yuqori texnologik xizmatlarni hududning o‘zida rivojlantirish imkoniyati kengayadi. Natijada bemorlarning murakkab tibbiy yordam olish uchun boshqa hududlar yoki xorijiy davlatlarga murojaat qilish zarurati kamayishi mumkin. 

Shuningdek, “Craniofacial Consilium” kongressining amaliy dasturi doirasida 10 oktyabr kuni SamDTU ko‘p tarmoqli klinikasida “Live surgery” – jonli jarrohlik amaliyoti tashkil etildi. Mazkur amaliyotda xitoylik professor Hanvei Peng (Hanwei Peng) ishtirokida murakkab bo‘yin patologiyasiga oid jarrohlik amaliyoti namoyish etildi. 

Jonli jarrohlik formati xalqaro ekspertlarning klinik tajribasini mahalliy mutaxassislar va tibbiyot ta’limi ishtirokchilariga bevosita yetkazish imkonini beradi. Bunday format, ayniqsa, jarrohlik qarorlarini qabul qilish, operatsion taktika, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish va klinik yondashuvlarni amaliy misol asosida muhokama qilish nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega. 

Amaliyotning SamDTU ko‘p tarmoqli klinikasida o‘tkazilishi universitetning klinik infratuzilmasi va zamonaviy tibbiy ta’lim uchun yaratilgan amaliy imkoniyatlarini namoyish etuvchi muhim jihatlardan biridir.

Shu o‘rinda aytish joizki, universitetda stomatologik ta’limning amaliy komponentini kuchaytirishga qaratilgan texnologik loyihalar ham amalga oshirilmoqda. Jumladan, Universitetda O‘rta Osiyoda birinchilardan bo‘lib Planmeca Group kompaniyasi tomonidan stomatologiya fakulteti talabalari uchun stomatologik simulyatorlar, CAD/CAM texnologiyali tish protezlash laboratoriyasi, konus-nurli kompyuter tomografiyasi va o‘rgatuvchi robot texnologiyalari sinfi foydalanishga topshirildi. 

Mazkur infratuzilma talabalarga klinik ko‘nikmalarni real bemorda amaliyot o‘tkazishdan avval simulyatsiya muhitida shakllantirish imkonini beradi. CAD/CAM texnologiyalaridan foydalanish esa zamonaviy raqamli stomatologiya tamoyillarini ta’lim jarayoniga integratsiya qilishga xizmat qiladi. Natijada stomatologik ta’limning nazariy bilim, simulyatsion tayyorgarlik va klinik amaliyotdan iborat uzviy modeli shakllanmoqda. 

Kongress doirasida stomatologiya va tibbiyot sohasida faoliyat yurituvchi xalqaro kompaniyalarning innovatsion mahsulot va texnologiyalari ham namoyish etildi. 

Xususan, Planmeca Group, SPLAT, R.O.C.S., MegaGen va Bonegraft Biomaterials kompaniyalari tomonidan tashkil etiladigan ko‘rgazmalarda zamonaviy stomatologik texnologiyalar, materiallar va klinik amaliyot uchun mo‘ljallangan yechimlar taqdim etildi. 

Bunday ko‘rgazmalar ilmiy hamjamiyat, klinik amaliyotchilar, ta’lim muassasalari va tibbiyot texnologiyalari ishlab chiqaruvchilari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun qo‘shimcha platforma vazifasini bajaradi. 

Reklama huquqi asosida


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing