Samarqandda soxta IIV xodimi qo‘lga tushdi

3-sahifa

image

Samarqand viloyatida o‘zini Ichki ishlar vazirligida ishlashini aytib ichki ishlar tizimi bilan bog‘liq masalalarni hal qilib berishni aytib evaziga fuqarolardan pul olayotgan shaxs ushlandi. Bu haqda Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu fuqaroning shaxsiga aniqlik kiritilganda u viloyatning Pastdarg‘om tumanida tug‘ilganligi, muqaddam ichki ishlar organlarida ishlab keyin bo‘shaganligi va hozirda vaqtincha ishsiz ekanligi ma’lum bo‘lgan.

Aniqlanishicha, Samarqand shahrida yashovchi 40 yoshli fuqaro Samarqand shahri bo‘yicha Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasiga murojaat qilib borgan vaqtida o‘zini Ichki ishlar vazirligida ishlashini aytib, nima sababdan IIBga kelganini so‘rab bilgan. Uni qo‘rqitib, ishini ijobiy hal qilib berish evaziga undan 5 ming AQSH dollari talab qilgan.

“Fuqaro ham uddaburonlik qilib o‘rtalarida bo‘lib o‘tgan suhbatni o‘ziga tegishli bo‘lgan telefon apparati yordamida yozib olgan va yozib olingan ovozni Ichki ishlar vazirligi Samarqand viloyati Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi (IIV SHXBB) xodimlariga topshirgan”, deyiladi xabarda.

Joriy yilning 2 mart kuni IIV SHXBB Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilib, o‘zini ichki ishlar xodimi deb tanishtirgan shaxs fuqarodan 5 ming AQSH dollari miqdoridagi pullarni olayotgan vaqtida ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing