Samarqandda bolalar muz ostida qoldi (video)
Jamiyat
−
28 yanvar 2023
17092Ijtimoiy tarmoqlarda muzlab qolgan ko‘lmakda muz yorilib, bir nechta bolalarning suv ostida qolgani aks etgan videolar tarqaldi.
Holat Samarqandda sodir bo‘lgani aytilmoqda.
Videodan ko‘rish mumkinki, bolalar aftidan muz ustida toyayotgan bo‘lgan. Shu mahal muzning yupqa qatlami yorilib, bolalar suvga tushib ketgan. Shundan so‘ng, bir nechta odamlar ularga yordam berish uchun shoshilgan. Lekin muz qatlami ancha erib, yupqalashgani sabab yordam uchun kelganlar ham suvga tushib ketgan.
Shuningdek, muz ustida kichik yoshli qizning ham yugurib yurganini ko‘rish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Favqulodda vaziyatlar vazirligi fuqarolarni muz ustida uchish yomon oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirgan edi.
“O‘zbekistonda havo harorati keskin tushib ketishi ortidan respublikaning bir qator hududlaridagi yirik daryolar, ko‘llar, hattoki sharsharalar muzlashi kuzatildi. Ushbu hududlarda aholi, ayniqsa, yosh bolalar ko‘ngil ochish maqsadida konki va chanalarda uchishmoqda. So‘nggi kunlarda havo harorati anchayin iliqlashgan bo‘lsa-da, ko‘llarni qoplagan muzlar erib ketgani yo‘q. Respublikamiz hududlaridagi ko‘llarning muz qoplamalari qalin bo‘lmaganligi sababli yorilish ehtimoli yuqori. Bu esa muz ustida uchayotganlar hayoti uchun xavfli hisoblanadi.
Shu munosabat bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligi aholiga ko‘llar ustidagi muzlarda uchmaslikni tavsiya etadi”, degan edi vazirlik.
LiveBarchasi