Samarqandda avtomobil tezligi 60 km/soatgacha kamaytiriladi
Jamiyat
−
07 dekabr 2022
4434Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasida viloyatning 12 ta ko‘cha va yo‘lida transport tezligini 70 dan 60 km/soatgacha cheklash taklifi ma’qullandi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar berdi.
Viloyat hududidan o‘tuvchi avtomobil yo‘llari va ko‘chalarida harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida quyidagi uchastkalarda tezlikni 60 km/soatgacha kamaytirish tasdiqlangan:
— Samarqand shahridagi M-37a Samarqand halqa yo‘lining 40-43 kilometrlari oralig‘ida;
— Afrosiyob, Dahbed va Gagarin ko‘chalarida;
— Kattaqo‘rg‘on shahridagi Amir Temur, Samarqand, U.Barnoyev ko‘chalarida;
— Urgut tumanidagi 4R-47 avtomobil yo‘lining 57-64 kilometrlari oralig‘ida;
— 4R-50 "Tayloq-Urgut" avtomobil yo‘lining 22-24 kilometrlari oralig‘ida;
— 4K-522 "Urgut-Pochvon-Ustaxona" avtomobil yo‘lining 0-2 kilometrlari oralig‘ida;
— Bulung‘ur tumanidagi 4R-47 "Bulung‘ur-Urgut M39"avtomobil yo‘lining 0-5 kilometrlari oralig‘ida;
— Tayloq tumanidagi A-377 "Samarqand-Ayniy" avtomobil yo‘lining 2-9 kilometrlari oralig‘ida.
Deputatlar tasdiqlagan mazkur taklif Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasidagi respublika komissiyasiga taqdim etiladi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning o‘tgan o‘n oyi davomida viloyatda 315 mingga yaqin yo‘l harakati qoidabuzarligi qayd etilgan. Jumladan, tezlikni oshirish oqibatida 285 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilganligi ma’lum bo‘ldi. Bu hodisalar oqibatida 88 kishi halok bo‘lgan, 219 nafar shaxs jarohatlangan.
Ozoda Choriyeva
LiveBarchasi