Samarqandda 11-sinf o‘quvchisi Gentra’da 5 yoshli qizchani urib qochdi (video)
3-sahifa
−
10:56 5021 1 daqiqa
Samarqand viloyatining Urgut tumanida 5 yoshli qizchani urib, voqea joyidan qochgan haydovchi topildi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 22 mart kuni soat 11:55 atrofida Samarqand viloyati Urgut tumani “Charchinor” mahalla hududidan o‘tuvchi ichki yo‘lda yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.
Gentra rusumli avtomobil haydovchisi tezlikni belgilangan me’yordan oshirib, yo‘lni kesib o‘tayotgan 5 yoshli qizchani urib yuborgan. Shundan so‘ng haydovchi voqea joyidan qochib ketib yashiringan.
Jabrlangan qizcha zudlik bilan Urgut tuman tibbiyot birlashmasiga yetkazilib, shifokorlar tomonidan zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Hozirda uning ahvoli qoniqarli ekani aytilgan.
Holat yuzasidan Urgut tumani yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida haydovchi hamda transport vositasi topilib, avtomobil vaqtinchalik jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Aniqlanishicha, avtomobilni boshqargan shaxs Urgut tumanidagi umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi bo‘lgan. U ota-onasining ruxsatisiz avtomashinani haydab chiqqanligi ma’lum bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan Urgut tumani Ichki ishlar bo‘limi tomonidan dastlabki surishtiruv ishlari boshlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida voyaga yetmagan o‘g‘illarining yuqori tezlikda mashina haydashiga yo‘l qo‘ygan ota 5 sutkaga qamalgani haqida xabar berilgandi.