Samarqandda haydovchi YPX xodimini do‘pposladi. Xodim elektroshoker ishlatdi

Jamiyat

image

Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida haydovchi mashinasini rasmga olgani uchun Yo‘l-patrul xizmati inspektorini kaltakladi. Bu haqda “Millar” dasturida xabar berildi.

Ma’lum qilinishicha, Pastdarg‘om tumani Juma shahridagi dehqon bozori atrofida mashinalar to‘xtatishi mumkin bo‘lmagan joylarga qo‘yilgan transport vositalariga nisbatan tegishli tartibda chora ko‘rayotgan Yo‘l-patrul xizmati xodimi haydovchi tomonidan kaltaklangan.

Qayd etilishicha, 1994 yilda tug‘ilgan erkak o‘ziga tegishli bo‘lgan "Lacetti" rusumli avtomobilni suratga olayotgan inspektorga tashlanib, uning yoqasidan tutgan, yuzi va tana qismiga  musht tushirgan.

Shundan so‘ng, YPX xodimi haydovchiga nisbatan elektroshoker qo‘llashga majbur bo‘lgan. Holat bo‘yicha inspektorga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan. Unda xodimning o‘z xizmat vazifasini belgilangan qoidalardan chetga chiqmagan holda bajargani aniqlangan.

"Bir fuqaro kelib, “Nega mening mashinamni rasmga tushirding?”,  deb  do‘q-po‘pisa qildi. Haydovchiga uning mashinasi yo‘lning qatnov qismida turgani sabab rasmga tushirganimni aytdim. Shunga qaramasdan, haydovchi har xil gaplar bilan haqorat qilib, ko‘ylagimni yoqasidan ushlab, ko‘kragimga urdi", deydi YPX inspektori.

Mazkur holat yuzasidan haydovchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) 3-qismi "g" bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u protsessual tartibda ushlangan. Hozirda Pastdarg‘om tuman prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun, huquqni muhofaza qilish organi xodimi tomonidan maxsus vositalardan, shu jumladan ESHU (elektr toki urish moslamalari)dan foydalanish tartibi “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonun, shuningdek, Ichki ishlar vazirligining tegishli ko‘rsatmasi bilan belgilangan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

895

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing