Samarqandda energetiklarning qo‘lga olinishi qonuniymidi?
3-sahifa
−
17 fevral 15934 4 daqiqa
Avvalroq, Energetika vazirligi Samarqand viloyatida energetika sohasida sodir etilayotgan korrupsion holatlar bo‘yicha tanqidiy yig‘ilishda 7 nafar xodim qo‘lga olinganini ma’lum qilgandi. Vazirlik e’lon qilgan kadrlarda xodimlarga majlis zalida kishan taqilib, olib chiqib ketilgani tasvirlangan. Ushbu holat esa ijtimoiy tarmoqlarda huquq faollari orasida turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Xususan, advokat Abdumalik Abdullayevning yozishicha, yig‘ilish jarayonida ta’minot korxonalarining korrupsiyaviy jinoyatlarni sodir qilganlikda ayblangan 7 nafar xodimi gumonlanuvchi tariqasida ushlanganligi aytilgan.
“Birinchidan, shaxs ayblangan bo‘lsa, aynan gumon qilinuvchi tariqasida ushlanmaydi. “Ayblangan” degan so‘z zamirida hukmiy yondashuv bo‘lib, bu sudning qonuniy kuchga kirgan ayblov hukmi chiqarilganligini ifodalab qo‘yadi.
Ikkinchidan, shaxsni gumon qilinuvchi tariqasida ushlash uchun albatta, u aynan gumon qilinuvchi tariqasida ishda ishtirok etish uchun jalb qilinganligi haqidagi surishtiruvchi, tergovchi yoki prokurorning qarori bo‘lishi talab etiladi.
Uchinchidan, suratlarda o‘sha 7 nafar shaxslarning qo‘llariga qo‘lkishani (naruchnik) solinganligini ko‘ramiz”, deb yozadi advokat.
Abdullayev “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonunga e’tibor qaratgan va ushbu qonunning maxsus vositalarni qo‘llashga oid 23-moddasiga ko‘ra, qo‘lkishani maxsus vosita hisoblanadi va uni qo‘llashning o‘ziga yarasha asoslari keltirilgan.
“Lekin yuqoridagi manzarada ularga nisbatan qo‘lkishani qo‘llashning asoslaridan birortasini topmadik va shu bois ham, ushbu manzarani biz, ushlangan shaxslarning shaxsiyatlariga nisbatan omma qarshisidagi repressiv yondashuv, deb hisoblaymiz”, deydi advokat.
Abdullayevning taxminicha, Bosh prokuratura ayni shu holatni yoritishda repressivlikni ifodalab qo‘yishdan tiyilgan bo‘lishi mumkin. Lekin Bosh prokuratura ushbu holatda o‘sha 7 nafar shaxslarning ushlanishi hamda ularga nisbatan maxsus vosita ishlatilishining protsessual huquqiy asosini jamoatchilikka ochiqlashi lozim.
Yana bir advokat Xayrullo Qosimov ham yig‘ilishga deb borgan ushbu xodimlar hammaning ko‘z o‘ngida qo‘liga kishan taqib olib chiqib ketilganini ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish deb hisoblamoqda.
“To‘g‘ri, ular gumonlanuvchi bo‘lishi mumkin, lekin bu degani ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish mumkin degani emas. Tergovchining xonasida bir o‘zini ushlash boshqa, hamkasblar ko‘z oldida qo‘liga kishan taqilishi boshqa. Ikkinchisida esa xohlaymizmi yo‘qmi, ushlanganlarning sha’ni oyoqosti qilingan”, deydi advokat Qosimov.
U O‘zbekiston qonunchiligidagi ayrim moddalarni eslatib o‘tgan:
- Konstitutsiyaning 13-moddasiga ko‘ra
O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi.
2. 26-moddasiga ko‘ra
Insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizdir. Hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emas.
Hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emas.
3. 28-moddasiga ko‘ra
Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar o‘ziga nisbatan insoniy muomalada bo‘linishi hamda inson shaxsiga xos bo‘lgan sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi huquqiga ega.
4. 31-moddasiga ko‘ra
Har bir inson shaxsiy hayotining daxlsizligi, shaxsiy va oilaviy sirga ega bo‘lish, o‘z sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish huquqiga ega.
5. 60-moddaga ko‘ra
Fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa insonlarning huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburdirlar.
6. Jinoyat-protsessual kodeksining 17-moddasiga ko‘ra
Sudya, prokuror, tergovchi va surishtiruvchi ishda qatnashayotgan shaxslarning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishlari shart.
Hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas.
Inson sha’ni va qadr-qimmatini kamsitadigan, uning shaxsiy hayotiga taalluqli ma’lumotlar tarqalib ketishiga olib keladigan, sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yadigan, asossiz ravishda unga jismoniy va ma’naviy azob-uqubat yetkazadigan harakatlar qilish yoki qarorlar chiqarish taqiqlanadi.
7. Jinoyat kodeksining 235-moddasi
bilan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.
8. Konstitutsiyaning 143-moddasiga ko‘ra
O‘zbekiston Respublikasi hududida qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazoratni O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori va unga bo‘ysunuvchi prokurorlar amalga oshiradi.
“Ya’ni, insonlarning (kim bo‘lishidan qat’iy nazar) sha’ni va qadr-qimmati kamsitilishini oldini olish, agar shunday holat yuz bersa, aybdorlarni javobgarlikka tortish prokurorlarning vazifasi hisoblanadi”, deb yozadi Qosimov.
Live
Barchasi