Samarqand va Qashqadaryoda 1 mlrd so‘mdan ortiq byudjet pullari “yeb yuborilgani” aniqlandi
Jamiyat
−
12 avgust 2021
7497Samarqand va Qashqadaryo viloyatida mutasaddilar qariyb 1,2 milliard so‘m byudjet mablag‘larini talon-taroj qilgani aniqlandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar bermoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, Qashqadaryo viloyatidagi Yakkakurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabi xodimlariga 29,5 million so‘m hamda viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi tomonidan 2020 yil davomida xodimlarga 60 ta holatda 94,4 mln so‘mlik ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar asossiz hisoblab, to‘langan. Shuningdek, 8 ta davlat moliyaviy nazorati ob’ektida jami 498 mln so‘m talon-taroj qilingan.
Bundan tashqari, Samarqand viloyatida Respublika ixtisoslashtirilgan Onkologiya va radiologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali mansabdor shaxslari markazda ishlovchi 54 nafar ishchi-xodimlarga umumiy 175 million so‘mlik tug‘ruqqacha va tug‘ruqdan keyingi ta’til, kasallik varaqasi va mehnat ta’tili hamda ustama pullarini asossiz hisoblash orqali davlat byudjetining juda ko‘p miqdordagi mablag‘larini rastrata qilish yo‘li bilan talon-taroj qilgan.
Shuningdek, Samarqand shahar 3-son tug‘ruq majmuasi tomonidan xodimlarga ish haqi sifatida 50 mln so‘m va Narpay tuman Obodonlashtirish boshqarmasida jami 29 mln so‘m byudjet mablag‘lari qonun talablariga rioya qilinmagan holda tasarruf etilgan.
Ta’kidlanishicha, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda birgina Samarqand viloyatining o‘zidagi byudjet muassasalarida jami 563 mln so‘mlik, Qashqadaryo viloyatida esa 621,9 million so‘mlik byudjet mablag‘lari talon-taroj qilingan.
Mazkur holat bo‘yicha hududiy prokuratura organlari tomonidan tegishli tartibda jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi